Harbiy qismda “Nuroniy va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi

0
915

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yillik bayramiga bagʻishlab “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida “Nuroniy va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi.

Tadbirda “Nuroniylar” jamgʻarmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi mintaqaviy boʻlinmasi vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyoni xizmatchilari ishtirok etdi.

Turli sohalarda faoliyat yuritgan, boy hayotiy tajribaga ega faxriylarni bir davraga jamlagan uchrashuv qiziqarli va mazmunli suhbatga boy oʻtdi. Yoshi ulugʻ mehmonlar uzoq yillik hayotiy tajribasi bilan oʻrtoqlasharkan, bugungi tinch va farahbaxsh kunlarning zamirida mustaqillik deb atalmish buyuk neʼmatning oʻrni beqiyos ekanini alohida taʼkidladi. Shuningdek, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, yoshlar uchun yaratib berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan oʻzgarishlar haqida soʻz bordi.

Tadbir soʻngida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat musiqali teatri ijodkorlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yillik bayramiga bagʻishlab havola etilgan konsert dasturi dillarga orom bagʻishladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati