O‘zbekiston mudofaa vaziri Belarus harbiy delegatsiyasini qabul qildi

0
2081

Bugun, 18-noyabr kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov Belarus mudofaa vaziri general-leytenant Viktor Xrenin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda mudofaa sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati muhokama qilinib, istiqboldagi rejalar belgilab olindi. O‘zaro manfaatli hamkorliklarni kuchaytirish borasida fikrlar almashildi.

Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston va Belarus mudofaa vazirliklari o‘rtasida harbiy sohada hamkorlik bo‘yicha 2022-yilga mo‘ljallangan qator tadbirlarni o‘z ichiga olgan bitim imzolandi.

Shundan keyin mehmonlar poytaxtimizdagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida bo‘lib, u yerdagi “Matonat madhiyasi” majmuasi poyiga gulchambar qo‘ydi, bog‘ ichidan o‘rin olgan “Shon-sharaf” muzeyida yig‘ilgan eksponatlar bilan yaqindan tanishdi. Sayohat davomida bugungi yorug‘, tinch, osuda hayotimizni ta’minlash uchun bukilmas iroda va jasorat namunasini ko‘rsatgan, Vatan uchun jonini fido qilgan mard va jasur ota-bobolarimizning matonati haqida so‘z yuritildi.

Ma’lumot uchun, Belarus harbiy delegatsiyasi tashrif davomida Qurolli Kuchlar akademiyasi, Mudofaa vazirligi “Chimyon” tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markazi, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtiga borishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ertaga mehmonlarning Buhoro viloyatiga safari kutilmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti