Harbiy psixologlar Nukusda bellashdi

0
1144

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan Oʻzbekiston armiyasida harbiy psixologlarga alohida e’tibor qaratish boshlandi. Endilikda harbiy xizmatchilarning ruhiy va psixoemotsional holatini nazorat qilish, ularga ruhiy madad va maslahat berish, armiyadagi malakali harbiy psixologlar tomonidan amalga oshirilyapti.

Harbiy psixologlarning xizmat faoliyatini baholash hamda eng ilgʻorlarni saralab olish maqsadida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug miqyosida “Eng ilgʻor harbiy psixolog” tanlovi boʻlib oʻtdi. Unda harbiy qism va muassasalarning shtatdagi va shtatdan tashqari harbiy psixologlari ishtirok etib, qator mezonlar boʻyicha sinovdan oʻtdi.

Taʼkidlash joizki, yurt himoyachilarining ruhiy, emotsional holatini yumshatish, psixofiziologik jarayonlarning oʻzgarishini tahlil qilish, psixokorreksiya, psixoterapiya va maslahat berish maqsadida ruhiy zoʻriqishlarni yechish xonalari tashkil etilgan. Tanlov harbiy qismlarda tashkil etilgan ruhiy zoʻriqishlarni yechish xonalari jihozlanishi, hisobot hujjatlarining yuritilishi hamda boʻlinmalardagi axloqiy-ruhiy holat kabi mezonlar boʻyicha ham baholab borildi.

Yuqori intellekt va tafakkurga ega harbiy psixologlar bilan oʻtkazilgan tanlovning yakuniy natijalarga koʻra, nazariy va amaliy koʻnikmalarni sinovlar orqali aʼlo koʻrsatkichlarda isbot eta olgan harbiy psixologlar gʻolib va sovrindorlar qatoridan joy olib, Mudofaa vazirligi miqyosida oʻtkaziladigan navbatdagi bosqichga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati