Nukusda askarlar koʻrgazmali qoʻl jangi musobaqasida bellashdi

0
1121

Qoʻl jangi – kurash elementlari hamda qoʻl va oyoqlar bilan jismoniy kuchni ishlatish orqali dushmanga yaqin jangda zarba berish, sovuq va oʻqotar qurollar bilan qoʻllash usullarini oʻz ichiga oladi. Shu bois armiyada qoʻl jangi harbiy xizmatchilarning jangovar ruhi va jismoniy imkoniyatlarini oshirish uchun ommalashgan.

Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar ruh, jamoaviy jipslik, akrobatik usullar, oʻtochar va sovuq qurollardan mohirlik bilan foydalanishni koʻrgazmali qoʻl jangi musobaqasida namoyish etildi.

Harbiy xizmatchilarning jismoniy imkoniyatlarini yuksaltirish, armiya qoʻl jangi va pichoq bilan jang qilish sanʼatini rivojlantirish, sportga keng jalb etish hamda sogʻlom turmush tarziga odat qilish maqsadida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida qoʻl jangi koʻrgazmali musobaqasi oʻtkazib kelinadi.

Harbiy qismda boʻlib oʻtgan musobaqaning qism komandiri kubogi uchun bosqichi jangovar koʻrgazmaga aylanib, kuchli raqobat, shiddat va matonat bilan kechdi.

Taʼkidlash joizki, uch bosqichda oʻtkaziladigan ushbu musobaqa harbiy jamoalarning jipsligini taʼminlab, hamjihatlikda harakat qilish, jamoalarda jangovar ruhni yuksaltirish, qurol bilan murakkab qoʻl jangi elementlarini namoyish etish hamda bu sportni ommalashtirish kabi maqsadlarni oʻz ichiga oladi.

Musobaqaning shaffofligi va adolatli kechishini taʼminlash maqsadida hayʼat aʼzolari tuzilib, unda har bir jamoaning xatti-harakatlari odilona baholab borildi. Ishtirokchilarning koʻrgazmali chiqishlari, maydonga kirib kelishi, tanlangan qoʻshiq sifati, kiyim rusumi, aktyorlik mahorati, koʻrgazmaga yangilik kiritgani, akrobatik usullardan foydalangani hamda oyoq va qoʻl bilan berilgan zarbalarning samarasi kabi baholash mezonlari ishtirokchilarning yuqori ballarni qoʻlga kiritishida raqobatni kuchaytirdi.

Jamoalarning mashqlarni bajarishda sinxron tarzda, tez, aniq va toʻxtovlarsiz bajarganiga qarab ularga qoʻyilgan ballar yuqorilab bordi.

Faxrli oʻrinlarga sazovor boʻlgan jamoalar kubok, faxriy yorliq bilan taqdirlandi. Jamoalarni koʻrgazmali chiqishlarga tayyorlagan muddatli harbiy xizmatchilar mukofotlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati