Fargʻonada harbiy xizmatchi xotirasi yod etildi

0
2769

Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining oʻrinbosari, Mudofaa vazirligi xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oilalari bilan ishlash boʻyicha mutaxassislari hamda harbiy xizmatchilar mustaqilligimizning 32 yillik bayrami arafasida xizmat burchini bajarish vaqtida halok boʻlgan harbiy xizmatchi Dilshod Asanov xonadonida boʻldi.

Marhum oʻgʻlonning oila aʼzolari bilan oʻtkazilgan samimiy suhbat chogʻida harbiy xizmatchilar qahramonning bolalik chogʻlarini, xizmat faoliyati, orzulari va kasbiga fidoyiligini esga oldi.

“Men Dilshodjonning yurtimiz tinchligi yoʻlida qahramon boʻlganidan faxrlanaman. Bir ona farzandidan nima orzu qilgan boʻlsa hammasini Dilshodjon orqali koʻrdim”, — deydi Dilshod Asanovning onasi.

Mazkur tashrif davomida qahramonning oila aʼzolariga Sharqiy harbiy okrug qoʻmondonligi tomonidan esdalik sovgʻalarini topshirdi. Shu kuni harbiy xizmatchilar Fargʻona shahrida joylashgan “Mehr va saxovat uyi”ga ham tashrif buyurib, bolajonlar holidan xabar oldi.

Tashrif davomida harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi chiqishlari, harbiy orkestr jamoasining kuy-qoʻshiqlari bolajonlarda katta taassurot qoldirgan boʻlsa, mutasaddilar tomonidan ulashilgan sovgʻalar esa olam-olam quvonch ulashdi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati