Moliya-iqtisod xizmati organi ofiserlari bilan oʻquv-uslubiy yigʻin o‘tkazildi

0
2150

Harbiy qism moliya xizmati faoliyatini tashkillashtirish boʻyicha rahbariy hujjatlar talablarini yetkazish, mansabdor shaxslarning bilim saviyasi va amaliy koʻnikmalarini takomillashtirish, shuningdek, shaxsiy javobgarlik hissini oshirish maqsadida Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligida xizmat qilayotgan moliya-iqtisod xizmati organi ofiserlari ishtirokida oʻquv-uslubiy yigʻin boʻlib oʻtdi.

Toʻrt kun davom etgan yigʻin dastlab ishtirokchilarni saf koʻrigi va saf tayyorgarligini tekshirishdan boshlandi. Unda shaxsiy tarkibning tashqi qiyofasi, zarur oʻquv qurollarining mavjudligi koʻzdan kechirilib, saf elementlari amalda bajarildi.

Shundan soʻng harbiy xizmatchilar jismoniy tayyorgarlikdan turnikda tortinish, uzoq va qisqa masofalarga yugurish boʻyicha nazorat meʼyorlarini topshirishdi.

Oʻquv-uslubiy yigʻin rejasi boʻyicha ishtirokchilarga moliya-iqtisod yoʻnalishi, huquqiy normativ hujjatlar hamda qonunchilikka kiritilgan oʻzgarishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida soha mutaxassislari tomonidan mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Harbiy xizmatchilarni jangovar tayyorgarlikdagi nazariy bilimlarini amaliyotda nechogʻlik qoʻllay olishini baholash maqsadida Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi harbiy qism dala oʻquv maydonida amaliy mashgʻulotlar tashkil etildi. Unda quruqlikdagi qoʻshinlarning oʻqotar qurollaridan oʻt otish, muhandislik tayyorgarligi, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish va ruhiy barqarorlikni shakllantirish yoʻlagidan oʻtish boʻyicha me’yorlarni amalda bajarishdi.

Yigʻin soʻngida Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Jurʼat Yaqubov tomonidan qoʻshinlarida moliya xizmatining holati va faoliyati tanqidiy tahlil qilindi hamda istiqbolda bajariladigan vazifalar belgilab olindi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti