Nukus garnizonida tashviqot tadbiri oʻtkazildi

0
1098

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda” deb nomlangan targʻibot tadbirida xalqaro darajadagi trenerlar – falsafa fanlari professori Nargiza Halilova hamda dotsent Mirmuxsin Akramov tomonidan qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar psixologiyasi hamda ularning salbiy oqibatlari haqida harbiy xizmatchilarga qimmatli maʼlumotlar yetkazildi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar urf-odatlarimiz, anʼanalarimiz, mentalitetimizga, shuningdek, diniy qarashlarimizga yot boʻlgan qimor oʻyinlarini noqonuniy ravishda tashkil etish, ayniqsa, onlayn tarzda uni keng jamoatchilikka yetkazish ommalashib, oʻsib kelayotgan yosh avlodni katta yutuqlar bilan qiziqtirib, oʻz domiga tortayotgani achinarli holat ekani tushuntirildi. Bunday oʻyinlarda koʻp miqdoridagi pulini yutqazib qoʻyib, oxir-oqibat oʻz joniga qasd qilish yoki yutqazib qoʻygan pulini toʻlash uchun jinoyat sodir qilish holatlari ham yuz berayotgani juda qaygʻuli ekani taʼkidlandi.

Yurtimizda qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish hamda oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-moddasida jinoyat sifatida belgilab qoʻyilgan. Qolaversa, bunday oʻyinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish, shuningdek voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asolangan boshqa oʻyinlarda ishtirok etishga jalb qilish Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 191-moddasida maʼmuriy huquqbuzarlik sifatida eʼtirof etilgan.

Jumladan, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki oʻtkazish, shu jumladan ana shunday oʻyinlar uchun qimorxonalar tashkil etish yoki ularni saqlash yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni tashkil etish yoki oʻtkazish uchun telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻi provayderlari tomonidan xizmatlar koʻrsatish, tegishli dasturiy taʼminotdan nusxa koʻpaytirish, tarqatish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi.

Qonunchilikda bunday turdagi jinoyatlarni sodir etganlik uchun belgilangan jazoga qaramay, onlayn qimorbozlik, turli sayt va ilovalar orqali tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar kun sayin ortib borayotgani, ularga pul tikish yoʻllari qoʻldagi smartfon orqali bemalol amalga oshirish imkoni mavjudligi bu illatni oramizdan chiqarib tashlashga, unga cheklov va taʼqiqlar oʻrnatishga oʻziga yarasha toʻsiq boʻlib xizmat qilmoqda.

Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan psixologik trening mashqlari, savol-javob orqali erkin muloqot oʻrnatilib, mavzu yuzasidan hujjatli film namoyish etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati