Oʻzbekiston mudofaa vaziri boshchiligidagi harbiy delegatsiya Qozogʻistonga tashrif buyurdi

0
3229

Bugun, 10-avgust kuni Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov boshchiligidagi harbiy delegatsiya Qozogʻiston Respublikasidagi Aqtau shahriga tashrif buyurdi.

Aqtau xalqaro aeroportida mehmonlarni Qozogʻiston mudofaa vaziri general-polkovnik Ruslan Jaqsiliqov faxriy qorvul hamrohligida kutib oldi. Harbiy orkestr tomonidan ikki davlat madhiyasi ijro etildi.

Oʻzaro suhbat davomida ikki davlat mudofaa vazirlari qardosh xalqlarning hamkorlikda erishayotgan yutuqlariga toʻxtalib, yaqin doʻstona munosabatlar oʻzbek—qozoq aloqalarini yangi strategik sherikchilik bosqichiga koʻtarayotganini qayd etdi. Shuningdek, tomonlar jangovar tayyorgarlik, harbiy taʼlim va harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi sohasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi.

Shundan soʻng mudofaa vazirlari Oʻzbekiston—Qozogʻiston Mudofaa vazirliklarining Aktau garnizonida joylashgan “Oymasha” poligonida hamkorlikda oʻtkazayotgan maxsus-taktik oʻquvni kuzatishga yoʻl oldi.

Suhbatdoshlarning fikricha, mashgʻulotlar davomida jangovar tayyorgarlik vazifalarini birgalikda bajarish shtab va boʻlinmalar harakatlarida tezkorlik, izchillikka erishish, jangovar harakatlarning yangi shakl va usullarini oʻzlashtirish imkonini beradi.

Eslatib oʻtamiz, oʻzbekistonlik harbiylar bir necha kundan buyon Qozogʻistonda hamkorlikdagi maxsus-taktik oʻquvlarida qatnashmoqda. Mazkur hamkorlikdagi taktik oʻquv boshqa davlatlar armiyasi bilan tajriba almashish, sodir boʻlishi mumkin boʻlgan turli keskin vaziyatlarga doimo shay turish, eng soʻnggi texnologiyalar yordamida harbiy xizmatchilar koʻnikmalarini muntazam oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting