Yarim yil sarhisobi va kelgusi rejalar

0
1177

Qurolli Kuchlar akademiyasida Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashining 2023-yil yarmi yakunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Maʼlumki Jamoatchilik kengashi tarkibida toʻrtta komissiya mavjud. Yigʻilishda Mudofaa va harbiy qoʻrilish sohasida meʼyoriy-huquqiy va boshqa rasmiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, jamoatchilik fikrini oʻrganib borish, jamoatchilik birlashmalari va Mudofaa vazirligi oʻrtasidagi hamkorlikni taʼminlash komissiyasi tomonidan yarim yil davomida olib borilgan ishlar haqida Erkin Salihov batafsil toʻxtaldi hamda ayrim masalalar yuzasida oʻz takliflarini bayon etdi. Tadbirda Jamoatchilik kengashining hududiy boʻlinmalarining onlayn ishtiroki taʼminlandi.

Jamoatchilik kengashining raisi Iqboljon Mirzaaliyev bir qator aʼzolar, jamoat tashkilotlari faoliyatlarini eʼtirof etar ekan, shoira Zulfiya Moʻminovaga alohida minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, Mudofaa vazirligida oʻzbek adabiy tiliga berilayotgan kuchli eʼtibor haqida toʻxtaldi. Termiz davlat universiteti rektorining boʻlgʻusi harbiy olimlar uchun ilm dargohi eshiklari har doim ochiq ekanligi, ularni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi qizgʻin olqishlar bilan kutib olindi.

Tadbirda soʻzga chiqqan mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, general-mayor Hamdam Qarshiyev Mudofaa vazirligi tizimida olib borilayotgan keng qamrovli ishlarda Jamoatchilik kengashining ham munosib oʻrni borligini alohida taʼkidladi va minnatdorchilik bildirdi.

Sarhisob yigʻinida eng koʻp takrorlangani – Jamoatchilik kengashining xalq va armiya oʻrtasida yakdillikni taʼminlovchi koʻprik ekanligi boʻldi. Ha, aynan uning samarali faoliyati xalqimiz va milliy armiyamiz oʻrtasidagi hamfikrlikni mustahkamlashga, mamlakatimizda mudofaa va xavfsizlik masalalarida olib borilayotgan davlat siyosatini yanada takomillashtirishga xizmat qilib kelmoqda.

Yigʻinda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan ham tegishli tavsiyalar berildi, qarorlar qabul qilindi.

Inobat IBROHIMOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting