Xalqaro aloqalar mustahkamlanmoqda

0
1137

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida Bangladesh Xalq Respublikasi Qurolli Kuchlari Milliy mudofaa kollejining aviatsiya vitse marshali Muhammad Kamrul Islom boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi.

Oʻzbekistonning koʻplab xorijiy davlatlar bilan turli sohalardagi doʻstona aloqalari yildan yilga mustahkamlanib bormoqda. Buni oliy harbiy taʼlim yoʻnalishida amalga oshirilayotgan tadbirlar, uchrashuvlar misolida koʻrish mumkin. Bangladesh Xalq Respublikasi Qurolli Kuchlari Milliy mudofaa kolleji delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi ham ana shunday maqsadlarga xizmat qildi.

Tadbirda dastlab Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi xodimlari tomonidan yurtimizning bugungi tashqi siyosati hamda Bangladesh bilan ikki tomonlama hamkorlik xususida maʼlumotlar berildi. Shuningdek, Oʻzbekiston turizm qoʻmitasi vakillari keyingi yillarda respublikamizda turizm sohasida olib borilayotgan davlat siyosatining mohiyati xususida soʻz yuritdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi mutaxassislari “Oʻzbekistonda iqtisodiyot, moliya va sanoatlashtirishni boshqarish” hamda “Bangladesh bilan oʻzaro iqtisodiy hamkorlik” mavzusidagi chiqishlarida qator statistik va infografik maʼlumotlarni taqdim etdi. Ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy-siyosiy, turizm, shuningdek, oliy harbiy taʼlim yoʻnalishidagi hamkorlik boʻyicha amalga oshirilgan ishlarning koʻlami kengayib, samarasi ortayotgani qayd etildi. Yuz yillik tarixga ega Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi haqidagi videorolik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Davra suhbatida kelajakda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan istiqbolli rejalar kelishib olindi. Muhokamalarda tomonlar oʻzaro manfaatli kelishuv asosida oʻquv va ilmiy faoliyatni birgalikda takomillashtirish, malakali professor-oʻqituvchilarning onlayn va oflayn shakldagi dars mashgʻulotlarini tashkil etish yuzasidan fikr-mulohazalarini oʻrtaga tashladi.

Tadbir yakunida mehmonlar uchun akademiya boʻylab ekskursiya uyushtirilib, ular akademiya muzeyi eksponatlari va oliy harbiy taʼlim muassasasida kursantlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

– Mazkur akademiyaning milliy armiyangiz safiga bir qator harbiy mutaxassisliklar boʻyicha yetuk, intellektual salohiyati yuqori, har tomonlama chiniqqan ofitser kadrlarni tayyorlab kelayotgani tahsinga sazovor, – deydi aviatsiya vitse marshali Muhammad Kamrul Islom. – Ushbu oliy harbiy taʼlim muassasasidagi sharoitlarni koʻrib hayratlandim. Bu yerda jahon andozalariga javob beradigan, nazariya va amaliyotni oʻzida uygʻunlashtirgan trenajyor va oʻquv xonalari menda katta taassurot qoldirdi. Bangladesh harbiy delegatsiyasi ushbu taʼlim maskaniga oʻtgan yili ham kelgan. Bu galgi tashrifimiz harbiy taʼlim boʻyicha hamkorligimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Katta leytenant Dilshod Ro‘ziqulov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting