Ilgʻor psixologlar saralandi

0
1710

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug “Termiz” umumqoʻshin dala-oʻquv maydonida “Eng ilgʻor harbiy psixolog” koʻrik-tanlovining harbiy okrug bosqichi oʻtkazildi.

Harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda faoliyat olib borayotgan harbiy psixologlar orasidan chuqur kasbiy bilim va yutuqlar, ijodiy salohiyat, yuksak intellektual qobiliyat, axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan eng malakali harbiy psixologlarni aniqlash hamda oʻzaro hamkorlik va sogʻlom raqobat muhitini yaratish tanlovdan koʻzlangan asosiy maqsad etib belgilandi.

Tanlovda harbiy qism va muassasalarda ijtimoiy-psixologik ishlarni tashkil etishda zarur boʻlgan moddiy-texnika bazasi, harbiy psixologlar ishlab chiqqan ijodiy, psixologik test va metodikalar, oʻquv yili davomida amalga oshirilgan ishlari asosida eng ilgʻor harbiy psixologlar aniqlandi. Dastlabki shartda harbiy qismda harbiy psixolog uchun alohida “Ruhiy zoʻriqishlarni yechish” xonasi yaratilgani koʻzdan kechirilgan boʻlsa, navbatdagi shartda harbiy psixologlarning bir kunlik xizmat faoliyati yoritildi. 3-shartda ishtirokchilar ijtimoiy-psixologik ishlar yuzasidan tuzilgan test savollariga javob qaytardi. Oxirgi shartda esa bilet savollariga javob berdilar.

“Men gʻolib” shiori ostida sogʻlom raqobat asosida, koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazilgan bellashuvda ishtirokchilarning kasbiy bilim va malakasi odilona baholab borildi. Jumladan, Termiz davlat universiteti Psixologiya kafedrasi katta oʻqituvchisi Oʻtkir Joʻrayev, harbiy okrug tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boshqarmasi boshligʻining yordamchisi – harbiy psixolog katta leytenant Anvar Qulsaxatov, Termiz shahri qoʻriqlash boʻlimining psixologik taʼminlash guruhi katta psixologi katta leytenant Adham Xoʻjayev, Oʻzbekiston Respublikasi advokatlar palatasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, malaka komissiyasi masʼul xodimi, psixolog Feruza Mallayevadan iborat hakamlar hayʼati tanlov mezonlariga muvofiq, baholashga ochiq va xolisona yondashdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Nuriston garnizonidagi harbiy qism harbiy psixologi katta leytenant Azamat Majidov uchinchi, Xayrobod garnizonidagi harbiy qism harbiy psixologi katta leytenant Jahongir Musayev ikkinchi oʻringa sazovor boʻldi. Buxoro garnizonidagi harbiy qism harbiy psixologi leytenant Baxtiyor Melixonov 1-oʻrinni egallab, tanlovning yakuniy bosqichida qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting