“Nukus” poligonida havo hujumidan mudofaa boʻlinmalari dala chiqishida qatnashmoqda

0
1185

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning oʻquv yiliga belgilangan tayyorgarlik rejasiga asosan “Nukus” umumqoʻshin poligonida harbiy okrug va Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonliklarining Nukus va Urganch garnizonlarida joylashgan quruqlikdagi qoʻshinlar havo hujumidan mudofaa boʻlinmalari bilan bir necha kunlik aviatsianing intensiv uchish hududida dala chiqishi amalga oshirilmoqda. Mashgʻulotlar davomida boʻlinmalarning jipsligi, jangovar tayyorgarligi hamda har qanday vaziyatda yuklatilgan vazifalarni bajarish imkoniyati nazoratdan oʻtkazilyapti.

Poligon hududiga yetib kelgan mutaxassislarning saf koʻrigi, mashgʻulot rahbarlari va shaxsiy tarkibning tayyorgarligi okrug havo hujumidan mudofaa boʻlimi ofitserlari tomonidan koʻrib chiqildi. Amaliy mashgʻulotlarda texnika xavfsizligi qoidalariga qatʼiy amal qilish boʻyicha yoʻriqnoma yetkazildi.

Ta’kidlash kerakki, kundalik qatʼiy tartib erta tongda jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlaridan boshlanadi. Amaliy mashgʻulotlardan oldin, qoidaga koʻra nazariyani bir takror etib, oʻtilgan mavzular boʻyicha bilimlar yanada mustahkamlanada. Mashgʻulotlar qizgʻin bahs, munozara va mulohazalarga boy boʻlib, bunda boy hayotiy tajriba, oʻqib-izlanish orqali orttirilgan bilimlar oʻtilayotgan mavzularga yanada koʻproq mazmun bagʻishlamoqda.

Mashgʻulotlar davomida boʻlinmalar qoʻmondonlik punktlari, havo hujumidan mudofaa boshqaruv punktlari, shuningdek, asosiy kuchlardan alohida joylashgan zenit boʻlinmalarining oʻt ochish pozitsiyalarini tanlashi, jihozlashi, ularni mudofaa etishi va qoʻriqlashni tashkil etishi kabi masalalar koʻrib chiqilmoqda.

Kunduzgi mashgʻulotlardan keyin harbiy xizmatchilar zenit qurilmalaridan yer va havodagi nishonlarni tunggi sharoitda ham yoʻq qilish boʻyicha amaliy koʻnikmalarini mustahkamladi.

Boʻlinmalarning birdamlikda harakat qilishga, kuchli emotsional va stress holatlarida vazifalarni bajarishga oʻrgatishga, kasbiy malaka va mahoratini yuksaltirishga xizmat qilgan dala chiqishi davomida jangovar ruh va axloqiy-ruhiy fazilatlarni mustahkamlashga eʼtibor qaratildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting