Joylarda «Yong‘in xavfsizligi oyligi» tadbirlari o‘tkazilmoqda

0
685

15-noyabrdan 15-dekabrga qadar yurtimizda «Yong‘in xavfsizligi oyligi» o‘tkazilmoqda. Shu munosabat bilan barcha harbiy okruglarda joylashgan harbiy qismlar va muassasalarda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida ko‘rgazmali profilaktik tadbirlar tashkil etib kelinyapti.

Xususan, Sharqiy harbiy okrugi Farg‘ona garnizonida joylashgan harbiy shaharchalarda Yong‘in nazorati inspeksiyasi, Farg‘ona viloyati FVB, «Hududgaz Farg‘ona» GTF hamda mahalliy yong‘inga qarshi kurash jamiyati mutaxassislari jalb etilgan holda tabiiy ofatlar, xavfli vaziyatlar va inson hayotiga xavf soluvchi turli omillardan aholini muhofaza qilish maqsadida ko‘rgazmali profilaktik tadbirlar tashkil etildi.

O‘tkazilgan tadbirlar davomida soha xodimlari harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar xizmatchilariga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yong‘inlar, is gazidan zaharlanish va gaz-havo aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq hodisalarning oldini olish, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda foydalaniladigan qutqaruv asbob-anjomlari bo‘yicha keng qamrovli tushuncha va tavsiyalar berdi.

Shuningdek, yong‘in xavfsizligi oyligi doirasida Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonliggia qarashli harbiy qismlarning birida harbiy xizmatchilar va ularni oila a’zolari bilan «Is gazidan zaharlanishni oldini olish» mavzusi yuzasidan ko‘rgazmali tadbir o‘tkazildi. 

Bundan tashqari, Termiz garnizoni yong‘in nazorati inspeksiyasi tomonidan Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamkorligida garnizonda joylashgan harbiy shaharchalarda istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilarning oila-a’zolari bilan yong‘in xavfsizligi, is gazidan zaharlanish holatlarini oldini olish borasida targ‘ibot va tashviqot tadbirlari olib borildi.

Ushbu tadbirda harbiy xizmatchilarning oila-a’zolariga yashash xonadonlarida yong‘in xavfsizligi, gaz va elektr moslamalaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma va tushuntirish ishlari imzo orqali yetkazildi.

Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Jizzax garnizoni yong‘in nazorati inspeksiyasi hamkorligida tashkil yetilgan o‘quv mashg‘ulotida esa harbiy xizmatchilarga isitish mavsumida xavfsizlik talablari, is gazidan saqlanish, harbiy qism hududi va binolarida, yashash xonadonlarida yong‘inlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilish bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.