Piskentda avtomobil halqa poygasi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi

0
543

Piskent tumanida joylashgan janubiy avtopoligonda avtomobil halqa poygasi bo‘yicha mamlakat chempionati o‘tkazildi.

O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi va Toshkent avtomobillar federatsiyasi tashabbusi bilan Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi va Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi kabi qator tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Ochilish marosimida mazkur musobaqalar aholi, ayniqsa, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, sportga jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.

 

Chempionatda Buxoro, Samarqand, Toshkent, Andijon, Qashqadaryo, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahridan 40 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Poygachilar uchta toifada bellashdi. Dastlabki musobaqalar milliy (mahalliy ishlab chiqarilgan) avtomobillar o‘rtasida tashkil etildi. Shundan keyin S1600 toifasi (dvigateli 1600 sm³ gacha bo‘lgan xorijiy avtomobillar) va S2000 toifasi (dvigateli 2000 sm³ gacha bo‘lgan xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillar) bahslari bo‘lib o‘tdi.

Musobaqa oldidan sportchilarning ruhiy tayyorligi va avtomobillari texnik shay holatda ekani mutaxassislar tomonidan tekshirildi. Musobaqa qoidasiga ko‘ra, sportchilar bir aylanasi 3 kilometr 200 metrdan iborat bo‘lgan xalqa trassani 15 marotaba (jami 67,5 kilometr) aylanib o‘tdi. Chempionat bahslarida g‘oliblik uchun da’vogar sportchilar ko‘pchilikni tashkil etdi. Bu esa “Vatanparvar” tashkilotining 30 yilligiga bag‘ishlangan musobaqani tomosha qilish uchun kelgan avtoqiziquvchilarga hayajonli daqiqalarni tortiq etdi.

Chempionat g‘oliblarini taqdirlash marosimida Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi raisi Husan Botirov mazkur yo‘nalishdagi musobaqalarni ko‘proq o‘tkazish, hudud sportchilarining mahoratini oshirish va yoshlarni sportga jalb qilish borasidagi ishlar o‘z samarasini berayotganini alohida ta’kidladi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, milliy toifa o‘rtasida birinchi o‘rinni Abdulvosit Sobirov egalladi. Ikkinchi o‘ringa Shuhrat Obidjonov va uchinchi o‘ringa Javlon Qurbonaliyev sazovor bo‘ldi. Shuningdek, S1600 toifasi bo‘yicha birinchi o‘rinni Jamol Mirhosilov egalladi. Ikkinchi o‘rin Yevgeniy Kim va uchinchi o‘rin Kamoliddin Karimovga nasib etdi. S2000 toifasi o‘rtasida birinchi o‘ringa Olim Ahmadjonov o‘z natijasi bilan loyiq topildi. Ikkinchi o‘ringa Aziz Tolibnazarov va uchinchi o‘ringa Jasur Ergashev munosib ko‘rildi.

Toshkent avtomobillar federatsiyasi tasnifiga ko‘ra, jamoaviy bahslarda joriy yil mavsumida birinchi o‘rin bilan “GTG PIT STOP” jamoasi shohsupaning yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi va chempion bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni “Tas sentr” jamoasi qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin aniqlanmadi. Yakunda g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti