Harbiy xizmatchilar o‘rtasida ilk bor “Taktik o‘qchi” musobaqasi o‘tkazildi

0
2163

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugga qarashli dala oʻquv maydonlarining birida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Kuch tuzulmalarining qoʻshma qarori asosida harbiy xizmatchilar ishtirokida ilk bor “Taktik o‘qchi” musobaqasi oʻtkazildi.

Qoʻshinlar hamkorligida ilk bora oʻtkazilgan “Taktik oʻqchi” musobaqasida Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya qoʻshinlaridan saralab olingan ishtirokchilar 4 bosqichli, yaʼni kvalifikatsiya, yakkalik, jangovar juftlik va janovar toʻrtlik hamda duel mashqi basxlarida mahoratlarini sinovdan oʻtkazdi. Ahamiyatlisi, har bir bosqichdan oʻziga xos shartlar oʻrin olgan boʻlib, bunda yurt posponlarining mutaxassisligi boʻyicha egallagan bilim va koʻnikmalari amalda namoyon boʻldi.

Har bir shart yangi yondashuvlar asosida tashkil etilib, harbiy xizmatchilarga turli yuklamalar berish orqali ularning tezkorlik va merganlik kabi sifatlari sinovdan oʻtkazildi. Bir necha kilometrlik masofani bosib oʻtgan oʻgʻlonlar, turli tabiiy va sunʼiy toʻsiqlardan oʻtish mashqlari orqali chidamlilik koʻnikmalariyu jamoaviy jipslikni ham oshirishdi.

Doʻstona ruhda kechgan musobaqa chin maʼnoda tajriba va mahorat maydonini oʻtadi. Albatta, har bir musobaqaning yakuni, gʻolibu magʻlubi boʻladi. Yetti kun davom etgan “Taktik oʻqchi” musobaqasida ham koʻrsatilgan natija, erishilgan yutuqlar sarhisob qilinib, gʻoliblar nomi eʼlon qilindi. Unga koʻra, Ichki ishlar vazirligi harbiy xizmatchilari uchinchi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari ikkinchi, Mudofaa vazirligi harbiylari esa faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Mazkur musobaqaning yopilish marosimida gʻolib va sovrindorlar kubok, diplom hamda qimmat baho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Abror Toshmatov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting