Xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka oid xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi

0
1685

Bugun, 20-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida “Xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka nisbatan tahdidlar transformatsiyasi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi.

Xalqaro konferensiyaning asosiy maqsadi — xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashda koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishga boʻlgan yangicha yondashuvlar, zamonaviy dunyoda xavf va tahdidlar, ularning bugungi sharoitlarda transformatsiyasini muhokama qilish uchun keng ilmiy-ekspert platformani yaratish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar institutini xalqaro va mintaqaviy tadqiqot markazlari, milliy va xorijiy davlatlarning oliy taʼlim hamda tadqiqot muassasalari bilan harbiy ilm-fan va taʼlim muassasalari sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan iborat boʻldi.

Ilmiy konferensiyada AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Belgiya, Italiya, Koreya Respublikasi, Hindiston, Xitoy Xalq Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Turkmaniston Respublikasining oliy harbiy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlarining ekspertlari hamda Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan harbiy attashelar ishtirok etdi.

Xalqaro konferensiyada nufuzli milliy tadqiqot institutlar — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi, Milliy universitet, Davlat boshqaruv Akademiyasi hamda Oʻzbekistonning boshqa yetakchi oliy taʼlim va tadqiqot muassasalarining yetakchi ekspertlari qatnashdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining oʻrinbosari Bahodir Tashmatov, O‘zbekiston mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari — Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Shuhrat Xalmuhamedov kirish so‘z bilan xalqaro tadbirni ochib bergan bo‘lsa, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti boshligʻi general-leytenant Shavkat Normatov “Global xavf va tahdidlarning rivojlanish tendensiyalari” ma’ruzasi bilan qatnashdi.

Konferensiyada Oʻzbekiston jahonda, xususan, Markaziy Osiyoda xavfsizlik taʼminlanishiga ulkan hissa qoʻshib kelayotgani, respublikamiz xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstlik tashkiloti, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va shu kabi boshqa nufuzli tashkilotlar bilan milliy, mintaqaviy va xalqaro chora-tadbirlarni amalga oshirishda faol ishtiroki alohida eʼtirof etildi.

Xalqaro ilmiy konferensiyada muhokama qilingan dolzarb masalalar yuzasidan ishtirokchi mutaxassislar va nufuzli olimlar tomonidan fikr va ekspert xulosalari almashildi.

Xalqaro ilmiy konferensiya yakunida faol ishtirokchilar Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Qurolli Kuchlar Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti rahbariyati tomonidan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting