Farg‘onada harbiy xizmatchilar o‘rtasida qo‘l jangi chempionati o‘tkazildi

0
2047

Fargʻona shahridagi “Samo” sport majmuasida Mudofaa vazirligi qoʻshinlari va harbiy okrug sport vzodlarining harbiy xizmatchilari oʻrtasida qoʻl jangi chempionati boʻlib oʻtdi.

Unda ishtirokchilar -52 kg, -62 kg, -67 kg, -73 kg, -80 kg, -88 kg, -97 kg hamda 97 kg dan yuqori vazn toifalarida bellashishdi.

Musobaqa ochilish marosimida Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Aybek Saidov soʻzga chiqib, sportchilarga ushbu musobaqada omad va zafarlar tiladi. Shuningdek, faxriy qorovul koʻrgazmali chiqishlari, bolajonlar tomonidan tayyorlangan qoʻl jangi koʻrinishlari namoyish etildi. Harbiy orkestr jamoasi hamda xushovoz xonandalarning kuy-qoʻshiqlari ochilish marosimiga koʻtarinkilik ulashdi.

Bellashuv jarayonlari murosasiz kechdi. Har bir ishtirokchi tatamida bor kuch va gʻayratlarini safarbar qilib gʻalaba uchun odimlagani musobaqaning yanada qiziqarli oʻtishiga xizmat qildi.

Musobaqaning yakuniy natijalariga koʻra, umumjamoa hisobida 3-oʻrin Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug va Markaziy harbiy okrug sportchilariga nasib etdi, 2-oʻringa Sharqiy harbiy okrug qoʻl jangi ustalari egalik qilgan boʻlsa, faxrli 1-oʻrinni Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug vakillari qoʻlga kiritdi.

Gʻoliblar Mudofaa vazirligi va Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligining medal, diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting