Nukusdagi “Turon” bolalar oromgohida vatanparvarlik festivali boʻlib oʻtdi

0
967

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, Milliy gvardiya boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi hamda “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi bilan hamkorlikda Nukus shahrida joylashgan “Turon” bolalar dam olish va sogʻlomlashtirish markazida harbiy-vatanparvarlik festivali tashkil etildi.

“Bolalarga bering dunyoni” deb nomlangan festivalda tashkilotchilar bilan birga harbiy xizmatchilar hamda Qurolli Kuchlar faxriylari bolajonlar bilan oʻtkazilgan shaxmat-shashka musobaqasida bellashib, mahorat darslarini oʻtib berishdi.

Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining qoʻl jangi elementlari bilan chiqishlari, mohir yoʻriqchi va aqlli xizmat itining koʻrgazmali namoyishi bolajonlarning olqishiga sazovor boʻldi.

Nukus garnizoni faxriy qorovul vzvodi tomonidan namoyish etilgan koʻrgazmali chiqishlar bolajonlarda olam-olam taassurotlar qoldirib, qalbida vatanparvarlik tuygʻularini yanada joʻsh urdirdi.

Garnizon harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan milliy va jahon estradasining kuy va qoʻshiqlari yozning issiq kunlarida oromgohda mazza qilib dam olayotgan bolajonlarga quvonch ulashib, bayramona kayfiyatni bagʻishladi.

Kulgi va quvonchga toʻlgan oromgoh sahnasi raqs maydoniga aylanib, barchani oʻziga chorladi. Tadbir davomida dam olayotgan bolajonlar oʻrtasida qoʻshiq aytish boʻyicha tanlov oʻtkazilib, eng faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan ragʻbatlantirildi.

Festival doirasida bolajonlar “Vatanparvar” tashkilotining oʻquv-sport texnika klublarida mavjud boʻlgan transport vositalari, toʻgaraklarda yasalgan maket namunalari bilan yaqindan tanishib, texnik va amaliy sport turlariga boʻlgan qiziqishi yanada ortdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting