Yongʻin xavfining oldini olishga qaratilgan koʻrgazmali mashgʻulotlar o‘tkazildi

0
1398

Mamlakatimizda joriy yilning 10-iyulidan 10-avgustiga qadar yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha oʻtkazilayotgan “Dolzarb 30 kun” tadbirlari doirasida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismda yongʻin xavfining oldini olishga qaratilgan keng koʻlamli koʻrgazmali mashgʻulotlar tashkil etildi.

Garnizondagi yongʻin nazorati inspeksiyasi va viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan mashgʻulotlar davomida yongʻinni oʻchirishning dastlabki vositalarini saqlash, zarur boʻlganda ayrim yongʻinlarni boshlangʻich bosqichda oʻchirishni mustaqil ravishda tashkil etish jarayonlari koʻrgazmali tarzda namoyish etildi.

Shundan soʻng harbiy qism yongʻin oʻchirish guruhining yongʻinni bartaraf etish borasidagi harakatlari qoʻriqlanayotgan obyektlarda shartli “Yongʻin trevoga” signalini eʼlon qilish orqali amalga oshirilib, ularning sergakligi yanada oshirildi. Shuningdek, birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari shay holatga keltirildi.

– Bugungi mashgʻulotda agar hududda yongʻin hodisasi yuz beradigan boʻlsa, harbiy xizmatchilar eng avvalo qanday ishlarni amalga oshirishi zarurligi, ularning evakuatsiya masalalari, moddiy-texnik vositalarga zarar yetishiga yoʻl qoʻymaslik kabi holatlarga eʼtibor qaratdik, – deydi Termiz garnizoni Yongʻin xavfsizligi inspeksiyasi boshligʻi podpolkovnik Oybek Yusupov. – Qolaversa, yongʻin xavfsizligida eng avvalo har bir harbiy xizmatchining sergakligi, shaxsiy masʼuliyati muhim ahamiyat kasb etishi ham alohida taʼkidlandi.

Katta leytenant Islomjon Qo‘chqorov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting