Harbiy avtomobil nazorati xizmati tashkil etilgan kun nishonlandi

0
1682

Qurolli Kuchlar davlat muzeyida Mudofaa vazirligi Harbiy avtomobil nazorati xizmati tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.

Unda Mudofaa vazirligi Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi boshlig‘i podpolkovnik Bahodir Annayev harbiy kolonnalarning belgilangan manzilga o‘z vaqtida, bexatar yetib borishi, ularning yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlashda Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi mutaxassislarining xizmati muhim ekanini ta’kidladi.

Tadbirda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining 1993-yil 12-iyuldagi buyrug‘iga muvofiq, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida ushbu sana Harbiy avtomobil nazorati kuni sifatida nishonlanadi. Mazkur tuzilma dastlab O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy avtomobil nazorati xizmati, keyinchalik Mudofaa vazirligi Harbiy avtomobil nazorati (HAN) inspeksiyasi sifatida faoliyat yuritib, vazirlik qo‘shinlarida harbiy xizmatchilar tomonidan respublika va Mudofaa vazirligi miqyosida amalga oshirilayotgan tadbirlarda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, shuningdek, harbiy xizmatchilar va oila aʼzolari hamda yosh avlodning yo‘l harakati qoidalariga oid bilimlarini oshirishda o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.

– So‘nggi yillarda mazkur yo‘nalishda moddiy-texnik baza mustahkamlanib, malakali kadrlar safi kengaydi. Mudofaa vazirligi Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasining texnik taʼminotini yaxshilash maqsadida 2018-2022-yillarda vazirlik tomonidan zamonaviy avtomobillar, bodikamera, ratsiya singari aloqa vositalari bilan taʼminlandi, – deydi kichik serjant Behruz To‘xtayev. – Barcha garnizon HАN inspeksiyalari e-maʼmuriy ish tizimiga to‘liq integratsiya qilindi. 2020-2022-yillarda Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida yurtimizda o‘tkazilgan “Yo‘l patruli” musobaqasida Mudofaa vazirligi Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi jamoasi ikki marotaba faxrli birinchi o‘rinni egalladi.

Tadbirda bir guruh harbiy xizmatchilar, faxriylar va Qurolli Kuchlar xizmatchilari sana munosabati bilan qutlandi. Sohaning fidoyilari esdalik nishonlari bilan taqdirlandi.

Katta leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV,
Mudofaa vazirligi Аxborot va kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting