Eng kuchli to‘purarlar aniqlandi va taqdirlandi

0
3203

Mudofaa vazirligi qo‘shinlari miqyosidagi ofitserlar o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha o‘tkazilgan chempionat o‘z nihoyasiga yetdi.

Uch kun davom etgan ushbu musobaqa qiziqarli va shiddatli bo‘lib o‘tgani bilan musobaqa ishtirokchilari va mehmonlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Musobaqaning eng so‘nggi bosqichida barcha raqiblarni mag‘lubiyatga uchratgan ikki jamoa kuch sinashdi. Sharqiy harbiy okrug va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug jamoalari bahs olib borgan finalda 1:2 hisobi qayd etildi va janublik sarlochinlar g‘olib bo‘ldi. Uchinchi o‘rin Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi vakillariga nasib etdi.

Tantanali taqdirlash marosimida Mudofaa vazirligi Jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Rahmatilla Rahmonov musobaqaning ko‘tarinki ruhda o‘tishida mezbonlarning samarali xizmatini alohida e’tirof etib, qo‘mondonlik rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Bunday bellashuvlar harbiy xizmatchilar o‘rtasida do‘stona va sog‘lom raqobat muhitini mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Chempionat yakunida shohsupaga ko‘tarilgan asosiy o‘rin sovrindorlari kubok, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, faol va yuqori natija ko‘rsatgan harbiylar turli nominatsiyalar bo‘yicha saralanib, rag‘batlantirildi.

Hakamlar hay’ati va musobaqa kuzatuvchilarining xulosasiga ko‘ra, leytenant Ulug‘bek Murtazoyev (ShG‘HO) “Eng yaxshi darvozabon”, kapitan O‘lmasjon Rahmonov (TOQQQ) “Eng yaxshi to‘purar”, katta leytenant Azizjon Xudoyqulov (MATB) “Eng yaxshi hujumchi”, katta leytenant Nodir G‘aybullayev “Eng yaxshi himoyachi” nominatsiyasiga munosib deb topildi. Shuningdek, Markaziy harbiy okrug “Eng chiroyli o‘yin ko‘rsatgan jamoa”, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti “Eng intizomli jamoa”, Toshkent harbiy okrugi “Eng kuchli texnikaga ega jamoa” kabi nominatsiyalarda sovrindor bo‘ldi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting