Aloqa ustasi yoxud polkovnik Agʻzam Izbosarov faoliyatiga nazar

0
4479

Hayotda shunday insonlar borki, ular qayerda va qaysi lavozimda boʻlishidan qatʼi nazar, oʻz fidoyiligi, kasbiga hurmati, professionalligi va sadoqati bilan alohida ajralib turadi. Unday insonlar oʻtib borayotgan har bir kunni gʻanimat bilib, nimadir foydali ish qilgisi, sohaga munosib hissa qoʻshgisi keladi. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Aloqa, axborot texnologiyalari va axborotni himoyalash bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimida samarali faoliyat yuritgan polkovnik Agʻzam Izbosarov ham ana shunday vatanparvar, fidoyi yurtdoshlarimizdan biri.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondonining Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlarning biriga amalga oshirgan tashrifidan soʻng vazirlik aloqa tizimini takomillashtirish, aloqa boʻlinmalarini malakali kadrlar bilan butlash uchun aloqa va axborotlashtirish sohasida koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan fuqarolarni harbiy xizmatga chaqirish boʻyicha koʻrsatmasi va vazirlik rahbariyatining saʼy-­harakati bilan 2018-yil avgust oyida Agʻzam Izbosarov kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga chaqirilib, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Aloqa, axborot texnologiyalari va axborotni himoyalash bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlandi.

Polkovnik A. Izbosarov oʻz mehnat faoliyatini respublikamizning aloqa va axborotlashtirish sohasining eng quyi pogʻonasidan boshlab, bir qancha yuqori rahbarlik lavozimlarida xizmat qilgan, istiqlol davridan boshlab aloqa tizimiga ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasi va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirgan. Sohada erishgan yutuqlari bois Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 5-sentabrdagi farmoni asosida “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan aloqa xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Polkovnik Izbosarov masʼul lavozimga tayinlanganidan soʻng Qurolli Kuchlar va Mudofaa vazirligi aloqa tizimini toʻliq raqamlashtirish, aloqa uzellarini zamonaviy aloqa va axborotlashtirish texnologiyalari bilan jihozlash, kuch tuzilmalari oʻrtasida hamkorlik aloqasini tubdan yangilash, zamon talablaridan kelib chiqib, aloqa boʻlinmalarining tashkiliy tuzilishini qayta ishlab chiqish, malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan yangilash hamda yetuk mutaxassis kadrlarni harbiy xizmatga jalb etish ishlariga kirishib ketdi. Shuningdek, aloqa boʻlinmalari mobil aloqa texnikalarini modernizatsiya qilish, qoʻshinlar kundalik va jangovar xizmat faoliyatini samarali tashkillashtirishga qaratilgan turli maqsadlardagi tizimlarni yaratish va ularni oʻzaro integratsiya qilish, elektron hujjat almashishni tashkil etish, elektron maʼlumotlar bazasini yaratish hamda bu bilan qoʻshinlarni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimining poydevorini qoʻyish, maʼnan eskirgan va koʻp yillar davomida omborlarda saqlanayotgan foydalanishga yaroqsiz aloqa va axborotlashtirish vositalarini utilizatsiya qilish, xorijiy davlatlar armiyalarining ilgʻor texnologiyalari va ijobiy tajribalarini tahlil qilib, vazirlik qoʻshinlari boshqaruv tizimiga tatbiq etish boʻ­yicha puxta rejalar ishlab chiqildi.

Natijada 2019-yil 16-yanvarda “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi aloqa qoʻshinlari faoliyatini yanada takomillashtirish choralari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respub­likasi Prezidentining farmoni va 17-yanvarda “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa sohasida ofitser kadrlarni tayyorlash tizimini keyinchalik takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur farmon va qarorda amalga oshirilishi belgilab berilgan tadbirlar Qurolli Kuchlar aloqa tizimini tubdan isloh qilishni va davlat mudofaa sohasini raqamli texnologiyalarga asoslangan boshqaruv tizimiga oʻtkazish davri kelganligini koʻrsatdi.

Mudofaa vazirligida qoʻshinlar kundalik va jangovar xizmat faoliyatida aloqa va axborot almashuvining sifati, tezkorligi va uzluksizligini taʼminlovchi optik tolali aloqa kabellarini yotqizish ishlari amalga oshirilib, bunda Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Oʻzbektelekom” AJ hududiy filiallari bilan hamkorlikda maqsadli tadbirlar reja asosida tashkillashtirildi. Bu bilan Mudofaa vazirligining barcha tarkibiy boʻlinmalarigacha sifatli, tezkor, uzluksiz va katta hajmdagi elektron maʼlumotlarni almashish imkoniyati yaratildi. Aloqa uzellari keng imkoniyatlarga ega zamonaviy aloqa va axborotlashtirish vositalari bilan jihozlandi. Boʻlinmalar tezkor internet xizmatlari bilan taʼminlandi. Shuningdek, respublikamizning eng chekka va togʻli hududlarida joylashgan harbiy qismlarga qadar yotqizilgan optik tolali aloqa liniyalaridan foydalanib, mahalliy aholi uchun ham aloqa xizmatlari taqdim etilishiga hissa qoʻshildi. Dala-oʻquv poligonlarida oʻtkaziladigan oʻquv mashq va mashgʻulotlarini masofadan nazorat qilish, ishlab chiqarish obyektlari va omborlar xizmat faoliyatining videokuzatuvi, Qurolli Kuchlar, Mudofaa vazirligi va xalqaro miqyosda oʻtkaziladigan tadbirlarning video­konferens-aloqa tizimida tashkillashtirilishi yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakultetida aloqa mutaxassisligi kadrlarini tayyorlash tizimi tubdan oʻzgartirilib, ushbu fakultet Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiya­lari va aloqa harbiy instituti etib qayta tashkil etildi. Aloqa va axborotlashtirish sohasida kadr­lar tayyorlashning oʻquv-moddiy bazalari eng soʻnggi namunadagi jihozlar bilan taʼminlandi, ins­titutda tinglovchilarning amaliyotini samarali tashkillashtirish maqsadida Mudofaa vazirligining aloqa va uning texnik taʼminoti boʻlinmalari oliygoh bilan bitta hududda yangidan barpo etilgan harbiy shaharchada joylashtirildi.

Mudofaa vazirligi boʻlinmalarida trank radioaloqa tizimining yoʻlga qoʻyilishi komandirlar tarkibining boʻlinmalarni boshqarish samaradorligini taʼminladi. Respub­likamiz hududi boʻylab bir qancha trank baza stansiyalari oʻrnatildi va ularning dispetcherlik punktlari yaratildi. Bu tizim boʻlinmalar jangovar harakatlarini toʻliq masofadan nazorat qilish va oʻz vaqtida qarorlar qabul qilish imkoniyatini yaratdi.

Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi boʻlinmalari aloqa uzellari raqamli radiostansiyalar, zamonaviy aloqa va axborotlashtirish vositalari bilan jihozlandi. Havo uchoqlari boshqaruvining mobilligini taʼminlash maqsadida eng soʻnggi namunadagi raqamli aloqa va axborotlashtirish vositalari bilan toʻliq jihozlangan mobil boshqaruv punkti yaratildi. Bu tizimda soha boʻyicha amalga oshirilgan ishlarning yakuni turli maqsadlarda qoʻllanuvchi tarmoqlarni oʻzaro integratsiya qilish bilan avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini ya­ratishga imkon berdi.

Harbiy qism va muassasalar joylashgan hududlarda trank baza stansiyalari oʻrnatilib, trank radio aloqasi bilan qamrab olindi. Vazirlik tizimidagi 230 dan ortiq mobil aloqa texnikalari modernizatsiya qilindi. Vazirlik va boʻysunuvchi boʻlinmalar oʻrtasidagi telefon soʻzlashuvlarining operativligini oshirishda qoʻshinlarda mavjud telefoniya tizimi takomillashtirildi. Yangidan barpo etilgan Qurolli Kuchlar Tinchlik yoʻlida hamkorlik dasturi markazi, Harbiy tibbiyot akademiyasi hamda Markaziy harbiy klinik gospital zamonaviy raqamli aloqa va axborot-kommunikatsiya tizimlari bilan toʻliq taʼminlandi.

Aloqa qoʻshinlari kontrakt boʻ­yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar va serjantlar tarkibining malakasini oshirish maqsadida mudofaa vazirining 2022-yil 25-avgustdagi tegishli buyrugʻi bilan Mudofaa vazirligi Aloqa va axborot texnologiyalari mutaxassislarini tayyorlash markazi ochilib, faoliya­ti yoʻlga qoʻyildi. Ushbu markaz eng soʻnggi namunadagi zamonaviy raqamli aloqa va axborotlashtirish vositalari bilan jihozlangan boʻlib, tinglovchilar uchun qoʻshinlarga tatbiq etilgan barcha turdagi zamonaviy aloqa va axborotlashtirish vositalaridan foydalanish sirlarini mukammal oʻzlashtirish imkonini beradi.

Ha, yuqorida aytib oʻtilgan ishlarni amalga oshirish uchun, balki, bir inson umri kamlik qilar. Ammo polkovnik Agʻzam Izbosarov mehnatsevarligi, fidoyiligi, maqsadi yoʻlida tinim bilmasligi va rahbariyat qoʻllovi bilan buni uddaladi.

2021-yili mamlakatimiz mus­taqilligining 30 yilligi munosabati bilan polkovnik Agʻzam Izbosarovning mehnatlari munosib eʼtirof etilib, Prezidentimiz farmoni asosida “Mardlik” ordeni bilan taqdirlandi.

Qahramonimiz yaqinda hukumatimiz tomonidan boshqa bir masʼul vazifaga – “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi. Ha, polkovnik Agʻzam Izbosarovdek yetuk kadrlar yurtimizning barcha sohalari uchun qimmatlidir. Fidoyi inson, oʻz kasbining ustasi Agʻzam Faxriddinovichga Mudofaa vazirligi rahbariyati va shaxsiy tarkibi nomidan yangi vazifalarida omad tilaymiz.

“Vatanparvar” birlashgan tahririyati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting