Nukusda harbiy xizmatchilar o‘rtasida qo‘l jangi musobaqasi tashkil etildi

0
2059

Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida oʻquv yili kaledar rejasiga asosan sportning qoʻl jangi turi boʻyicha oʻtkazilgan musobaqada shiddatli janglar va kuchli zarbalar texnikasi namoyish etildi.

Oʻzida boks, taekvondo, kurash, karate, sambo kabi yakkakurashlarni birlashtirgan qoʻl jangi sport turida kuchli boʻlishdan tashqari yuqori texnika talab etiladi. Shuningdek, qoʻl jangi sport turi bir nechta yakkakurashlardan iborat boʻlgani uchun koʻpincha chidamli, irodali uddaburon sportchilar bellashuvlarda koʻproq muvaffaqiyatlarga erishadi.

5 ta vazn toifasida bellashgan pahlavonlar toʻrt daqiqadan iborat bir raund davomida raqibiga koʻproq zarba berishi, ogʻrituvchi va kurash usullarini qoʻllashi hamda uni taslim etishi zarur edi.

50 nafarga yaqin ofitser va serjantlar bilan birga, yaqinda armiya saflariga kelib qoʻshilgan muddatli harbiy xizmatchilarning ham ishtiroki yoshlar oʻrtasida bu sport turi ommalashayotganidan dalolat beradi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-iyundagi “Qoʻl jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan ushbu sport turini mamlakatimizda yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi. Hujjatga muvofiq, qoʻl jangi boʻyicha tizimli ravishda musobaqalar oʻtkazish hamda iqtidorli sportchilarni aniqlash, uni yanada ommalashtirish, bu borada yoshlarni sport klublari, seksiyalari va toʻgaraklariga keng jalb etish, professional trenerlar, malakali hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash tizimini rivojlantirish, ushbu sport turi bilan shugʻullanish uchun zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmani shakllantirish kabi vazifalar belgilangan.

Ushbu qaror bilan qoʻl jangini ustuvor sport turi sifatida Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlarining jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlariga bosqichma-bosqich kiritish borasidagi vazifalar hayotga keng tatbiq etilib, Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida keng ommalashtirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining qarori bilan har yili Toshkent shahrida 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan Qurolli Kuchlar chempionati hamda oʻz xizmat vazifasini bajarish chogʻida qahramonlik va jasorat koʻrsatib, halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar xotirasiga bagʻishlangan Xotira turniri tashkil etilishi anʼanaga aylangan.

Musobaqada malakali hakamlar hayʼati tomonidan bahslarni adolatli va shaffof baholash mexanizmi oʻrnatildi. Jamoadoshiga ruhiy dalda berib turgan safdoshlari ham huddiki jang maydonida bellashgandek butun hudud muhitini katta raqobat maydoniga aylantirdi.

Musobaqaning tantanali yopilish marosimida gʻolib va sovrindorlarga medal, diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi. Gʻolib jamoa harbiy qism komandirining koʻchma kubogi bilan taqdirlandi. Faxrli birinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritgan harbiy xizmatchilar harbiy qism sharafini okrug bosqichida himoya qilish imkoniyatiga ega boʻldi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting