Xalq va armiya yakdilligi yo‘lidagi konsepsiya

0
1063

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-iyundagi 267-sonli qaroriga muvofiq, “2023—2027 yillarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari samaradorligini oshirish konsepsiyasi” qabul qilindi.

Avvalo, ushbu konsepsiyaning ijtimoiy qimmati va zarurati bugungi globallashuv va keskin raqobat davrida, dunyoning turli burchak­larida, jumladan mintaqamizda yuz berayotgan qurolli mojarolar va qarama-qarshiliklar, yangi tahdid va xatarlar tobora avj olib borayotganida ko‘zga yaqqol tashlanadi. O‘zaro milliy birlashuv­ning sustligi, yoshlar ongida turli radikal g‘oyalarning avj olib borayotgani, Vatanni sevish va uning taqdiriga javobgarlik tuyg‘ulari suv va havodek zarur bo‘lgan ushbu pallada harbiy-vatanparvarlik yo‘lida qo‘yilgan har bir qadamning qiymati bebaho ekanini har bir o‘zbek fuqarosi yaxshi anglab turibdi.

Biz quyida ushbu konsepsiyaning lug‘aviy mohiyatiga nazar tashlar ekanmiz, bu sa’y-harakatlar yurtimizning barcha jabhalarida faol amalga oshirilishi, ayniqsa, yoshlar ongi va ruhiyatida chuqur aks etishi lozimligiga takror-takror guvoh bo‘lamiz.

Ayniqsa, ushbu konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan «Yo‘l xaritasi»da mamlakatimiz yoshlarini vatanparvarlik, shu jumladan, harbiy-vatanparvarlik, yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning ongiga tinchlik va totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash zarurligini chuqur singdirish, “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” degan ezgu g‘oya asosida yoshlar tarbiyasiga mas’ul vazirlik va idoralarning kuch va imkoniyatlarini bir g‘oya, bir maqsad asosida birlashtirish talab etilmoqda.

Bularni harakatga keltiruvchi asosiy mexanizmlar – Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar, Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar, Maktabgacha va maktab ta’limi, Madaniyat va turizm, Yoshlar siyosati va sport, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi, Res­publika “Nuroniy” jamg‘armasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, harbiy-ma’muriy sektorlar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarining asosiy sub’yektlari hisoblanadi.

Xo‘sh, ushbu konsepsiyaning asosiy o‘zak-mag‘zi nimadan iborat? Muxtasar qilib aytganda, har qanday og‘ir va murakkab vaziyatda Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek asrash, uning shuhratini dunyoga tarannum etish bilan bog‘liq eng muhim tushunchalarni, hayotiy va professional ko‘nikmalarni ilm-ma’rifat, shuningdek, milliy qadriyatlar asosida yoshlarning qalbi va ongiga ilk bolalik davridan boshlab singdirib borish orqali vatanparvar, sadoqatli hamda shijoatli yoshlarni kamol toptirish konsepsiyaning asosiy mohiyatini tashkil etadi.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari “Vatan – ulug‘, burch – muqaddas!” konseptual g‘oyasi ostida tashkil etilib, unda qat’iy fikr va e’tiqodga ega shaxs­larni shakllantirish asosiy vazifa etib belgilanadi. Mazkur g‘oyaning asosiy mazmun-mohiyati o‘sib kelayotgan avlodda buyuk tariximiz, azaliy qad­riyatlarimizga hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish, milliy ruh va g‘ururni yuksaltirish, bebaho boylik – tinchlik va osoyishtalikni asrash va himoya qilish zarurligi kabi fazilatlarni shakllantirish, zarurat bo‘lganda, mamlakat suverenitetini himoya qilishga tayyor turish ruhida tarbiyalashdan iborat.

Shu o‘rinda e’tiboringizni “harbiy-vatanparvarlik” tushunchasiga qaratmoqchiman. Chunki harbiy va vatanparvarlik tushunchalari o‘zaro mushtarak bo‘lib, ularni bir-biridan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu yaxlit tushunchaning asosiy maqsadi ham yoshlarda jamiyatning turli tarmoqlari, ayniqsa, harbiy soha bilan bog‘liq bo‘lgan davlat xizmati turlarida faollik ko‘rsatish, Konstitusiya va harbiy burchga sadoqatli bo‘lish, ularda o‘z yurti va xalqining taqdiri uchun yuksak mas’uliyat hamda javobgarlik kabi muhim xususiyatlarni mus­tahkamlashdan iborat.

Buning uchun esa kuchli targ‘ibot-tashviqot ishlarini tobora kengaytirish, buyuk tariximiz, ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi sarkardalarning jahon sivilizasiyasi hamda harbiy san’at rivojiga qo‘shgan hissalarini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish, Vatan ozodligi va mustaqilligi yo‘lida jonfido qilgan yurtdosh­larimiz ko‘rsatgan vatanparvarlik va qahramonlik, ulardagi sadoqat, fidoyilik, matonat hamda jasorat kabi xislatlarni, shuningdek yurt, oila, ota-ona va farzandlar himoya­si xalq va ajdodlar xotirasi oldida muqaddas burch ekanini yoshlar ongiga singdirish asosiy vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi.

Albatta, bu yo‘nalishda o‘tgan yillar davomida muhim qadamlar tashlandi. Xususan, hududlarda turkum harbiy-vatanparvarlik tadbirlari hamda “Jasorat maktabi” nomli harbiy-vatanparvarlik o‘quv yig‘inlarini o‘tkazish orqali yoshlar ongida milliy armiyamizga bo‘lgan ishonch va hurmat sezilarli darajada oshdi. Qabul qilingan konsepsiya­da ham ushbu amaliy ishlarni yanada kuchaytirish, umumta’lim maktablarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qitilishining sifatini oshirish, o‘quv-moddiy bazani mustahkamlashga asosiy e’tibor qaratish hamda shu orqali o‘quvchi-yoshlarda harbiy xizmat, uni o‘tashning huquqiy asoslariga oid bilimlar va boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik darajasini oshirishga alohida urg‘u berildi.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimi uzluksiz jarayon bo‘lib, u bir-biriga bog‘liq siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, g‘oyaviy-mafkuraviy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar majmuasidan iborat. Shundan kelib chiqib, quyidagilar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning asosiy prinsiplari ekani ta’kidlandi:

  • ilmiylik;
  • tarixiylik;
  • aniqlik va tezkorlik;
  • muntazamlilik;
  • faollik;
  • ta’lim va tarbiya ishlarining uyg‘unligi;
  • tarbiya jarayonining izchilligi;
  • harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash sohasida erishilgan ijobiy natija va yutuqlarga tayanish.

Bundan tashqari, quyidagilar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning usullari hisoblanadi:

  • ishontirish;
  • mashq qildirish va mustaqil ishlash;
  • kuzatish;
  • rag‘batlantirish;
  • o‘rnak ko‘rsatish va shaxsiy namuna.

Albatta, ushbu tushunchalarni amalda joriy etishda ilmiy-nazariy va amaliy konferensiyalar, seminar-treninglar, muayyan mavzuga bag‘ishlangan kechalar, bahs-munozaralar, viktorinalar, davra suhbatlari, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar, kino va multfilmlar, badiiy va musiqiy asarlar, askar qo‘shiqlari, ommaviy axborot vositalari, veb-saytlar va elektron o‘yinlar hamda boshqa texnik vositalarning o‘rni va roli beqiyos. So‘zimizning amaliy isboti sifatida konsepsiyada belgilangan davlat bayramlari arafasida yoshlarda jasurlik, mardlik, faxr va iftixor tuyg‘ularini oshirishga yo‘naltirilgan “Mardlik va jasorat”, “Tinchlik”, “Mus­taqillik” darslari; “Jizzax tajribasi” asosida harbiy qismlar bazasida yoshlar uchun o‘quv yig‘inlari; “Mard askar – yoshlarga namuna” shiori ostida harbiy texnika va qurol-aslahalar namoyishi, harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi bo‘yicha, harbiy orkestr va badiiy havaskorlik jamoalarining ko‘rgazmali chiqishlari, shuningdek O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotining o‘quv kurslari hamda sport seksiya va to‘garaklarining ko‘rgazmali namoyishlari; yoshlarda vatanparvarlik, yurt tinchligi va taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘ularini yuksaltirish maqsadida “Vatan – muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” shiori ostida uchrashuv va suhbatlar; yozgi dam olish oromgohlarida “Vatanparvar” karvonlarini va o‘quvchi-yoshlar bilan “Men, albatta, harbiy bo‘laman!” mashg‘ulotlari; umumta’lim maktablarining
10-11 sinf o‘quvchilari va mahallalardagi uyushmagan yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan hududlar kesimidagi harbiy-sport musobaqalari shular jumlasidandir.

Xo‘sh, yoshlarni harbiy-vatan­parvarlik ruhida tarbiyalash ishlari tahlili va undan kutilayotgan natijalar haqida nima deyish mumkin? Konsepsiyada belgilangan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan besh muhim natijani sanab o‘tish maqsadga muvofiqdir.

Birinchidan, ushbu konsepsiya harbiy xizmat nufuzi hamda Qurolli Kuchlarimiz bilan faxrlanish va uning salohiyatiga ishonch hissini shakllantirish, yoshlarning harbiy kasbni tanlashga bo‘lgan qiziqishini oshirish imkonini beradi.

Ikkinchidan, yoshlarda ijtimoiy ahamiyatga ega fuqarolik tuyg‘usini shakllantirish, yetuklik, Vatanga muhabbat va burch, milliy an’analarga sodiqlik, tarixiy va madaniy qadriyatlarni saqlashga intilish kabi fazilatlarni rivoj­lantirishga xizmat qiladi.

Uchinchidan, har tomonlama rivoj­langan, sodiq, vatanparvar, odil, mard va jasur yoshlarning tayyorlanishi ta’minlanadi.

To‘rtinchidan, yoshlarda radikal g‘oyalarga qarshi tura oladigan mafkuraviy immunitet shakllanadi va mustahkamlanadi.

Beshinchidan, ma’naviy-axloqiy muhit va an’anaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash negizida mustahkam oila qurish fazilatlari rivojlanadi.

Podpolkovnik Ahror OCHILOV,
“Vatanparvar” birlashgan tahririyati bosh muharriri

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting