Yoshlarda davlat ramzlariga nisbatan hurmat tuyg‘usini yuksaltirishga qaratilgan tadbir

0
610

Mudofaa vazirligiga qarashli Navoiy viloyati Karmana tumanida joylashgan harbiy qismda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan shaxsiy tarkibning bilim saviyasini oshirish hamda davlat ramzlariga nisbatan hurmat tuyg‘usini yuksaltirish maqsadida “Muqaddasdir – davlat bayrog‘i” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda tuman Xalq ta’limi bo‘limi va Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti mas’ul xodimlari, o‘quvchi yoshlar hamda hamkorlikdagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.

Kun davomida muddatli harbiy xizmatchilar va o‘quvchi yoshlar ishtirokida “Bayrog‘imiz bilimdoni” nomli viktorina, “Bayrog‘imiz jilosi” nomli rasmlar tanlovi, “Mening bayrog‘im – faxrim, g‘ururim” mavzusida davra suhbati tashkillashtirildi.

Tadbirlar davomida harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan qo‘l-jangi chiqishlari, harbiy qism ma’naviy maskanlariga uyushtirilgan sayohat yoshlar qalbida iliq taassurot qoldirgani shubhasiz.

Yakunda tanlov g‘oliblari va faol o‘quvchi yoshlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti