Qurolli Kuchlar akademiyasida xalqaro harbiy-ilmiy konferensiya o‘tkazildi

0
1430

Qurolli Kuchlar akademiyasida mazkur oʻquv dargohi tashkil etilgan kun munosabati bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalarining tarixi va rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro harbiy-ilmiy konferensiya oʻtkazildi.

Unda vazirlik va harbiy okrug qoʻmondonliklari masʼullari, 11 ta mamlakatning Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan harbiy attashelari, akademiyaning professor-oʻqituvchilari hamda boshqa vazirlik va idoralarning vakillari ishtirok etdi. Anjumanni Qurolli Kuchlar akademiyasi boshligʻi polkovnik Bobur Shayakubov kirish soʻzi bilan ochib berdi.

Shundan soʻng kun tartibidagi masalalar yuzasidan soʻzga chiqqanlar oliy harbiy taʼlim muassasalarining tarixi, rivojlanish istiqbollari, shonli anʼanalari, shuningdek, mazkur dargohda Vatanga sadoqatli, murakkab taktik vaziyatlarda tezkor va nostandart qarorlar qabul qila oladigan, intellektual salohiyati yuksak, dunyoqarashi keng ofitser kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilgan izchil islohotlar, oliy taʼlim muassassidagi taʼlim jarayoni, moddiy-texnik bazasi, taʼlim jarayonini takomillashtirish yoʻnalishida horijiy oliy harbiy bilim yurtlari bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik va uning natijasi xususida atroflicha fikr yuritdilar.

Har bir mavzu yuzasidan namoyish etilgan videoroliklar mehmonlarda mamlakatimizdagi mavjud oliy harbiy taʼlim muassasalari haqidagi tushunchalarini jonlantirdi.

Kunning ikkinchi yarmida qutlugʻ sana munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Tantanada mudofaa vazirining oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev qatnashdi. U akademiya jamoasiga mudofaa vazirining bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.

Shukuhli tantana davomida bir guruh harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar xizmatchilari va faxriylar navbatdagi harbiy unvon, koʻkrak nishonlar va faxriy yorliq bilan taqdirlandi. Sanʼatkor ijrosidagi konsert dasturi kechaga oʻzgacha fayz baxsh etdi. Shu kuni bayram tadbiri doirasida akademiyada uyushmagan yoshlar uchun tashkil etilgan ochiq eshiklar kuni ham taassurotlarga boy boʻldi.

Podpolkovnik Gulnora Xojimurodova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting