Harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi boks musobaqasi sport ixlosmandlarini birlashtirdi

0
1447

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining jangovar tayyorgarligi, jismoniy imkoniyatlarini oshirish, harbiy xizmatchilarni sportga qiziqtirish va ular oʻrtasida sportning boks turini ommalashtirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Nukus garnizoni sport majmuasida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining kubogi uchun oʻtkazilgan boks boʻyicha musobaqa yurt himoyachilari oʻrtasida koʻplab sport ixlosmandlarini birlashtirishga xizmat qildi.

Nukus va Urganch garnizonlaridan kelgan 300 nafarga yaqin harbiy xizmatchi 10 ta vazn toifasida oʻzaro kuch sinashib, gʻoliblik uchun kurash olib bordi. Janglarda sportchilar kuchli jismoniy tayyorgarlik bilan jangchilarga xos boʻlgan feʼl-atvor hamda axloqiy-ruhiy tayyorgarligini namoyish etdi.

Ikki daqiqadan davom etgan uch raundli janglar bir-biridan jozibasi, zarba texnikasi hamda shiddati bilan ajralib turdi. Taʼkidlash joizki, ushbu musobaqada kontrakt asosidagi ofitser va serjantlar toifasidagi harbiy xizmatchilar bilan bir qatorda muddatli harbiy xizmatga kelgan askarlar ham ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi.

Musobaqada gʻoliblikni qoʻlga kiritgan sportchilarni taqdirlash marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov ishtirok etib, yurtimizda sportni ommalashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar eʼtiborga molikligini taʼkidladi.

Gʻolib va sovrindorlar yakkalik hamda jamoaviy tarzda kubok, medal, diplom hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan koʻrsatilgan qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar tadbirga bayramona kayfiyat bagʻishladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting