Til – millat boqiyligi ramzi

0
815

Millat oʻz tili ila boqiylikka yuz tutadi, davr silsilalarida omonda asraladi. Millat tarixini asrlar qatida asrovchi ham, bugunini kelajakka yetkazuvchi ham uning tilidir. Bir soʻz bilan aytganda, til – millatning boqiylik ramzi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Mudofaa vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha maslahatchisi isteʼfodagi podpolkovnik Ahror Abdurahmonov, Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻlimi hamda malaka oshirish markazi hamkorligida oʻtkazilgan tadbir davlat tiliga boʻlgan eʼtibor, uning nufuzini asrash va rivojlantirishga qaratildi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Mudofaa vazirligi tizimida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar xizmatchilari Markazda davlat tilini mukammal oʻzlashtirish borasida doimiy ravishda malaka oshirib kelmoqda. Ushbu tadbirda ham 3 oy davomida oʻzbek tilini oʻzlashtirgan Qurolli Kuchlar xizmatchilari ishtirok etishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yilning oktabrida eʼlon qilingan “Oʻzbek tilining davlat tili sifatida nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida universitet qoshida tashkil etilgan oʻquv va malaka oshirish Markazi bugun keng miqyosda faoliyat olib bormoqda. U yerda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek tilini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilgan. Oʻzbekistonda yashayotgan oʻzga millat vakillarining Markazda til oʻrganayotgani ham davlat tiliga boʻlgan eʼtibor namunasidir.

Tadbirda dastlab soʻz olgan Markaz direktori, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Inʼomjon Azimov oʻzbek tilining xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar samaradorligi, malaka oshirish kurslarida faoliyat yuritayotgan tajribali mutaxassislar hamda oʻzga millat vakillarining oʻzbek tiliga boʻlgan qiziqishi, oʻrganishga boʻlgan ishtiyoqiga urgʻu berib oʻtdi.

Oʻzbekiston televideniyasining birinchi suxandoni, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Nasiba Ibragimovaning ishtiroki davraga oʻzgacha fayz olib kirdi. Taniqli suxandonning davlat tilini rivojlantirish, eʼzozlash borasidagi fikrlari, “til bir umr oʻrganiladi”, kabi soʻzlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Isteʼfodagi podpolkovnik Ahror Abdurahmonov Markazda malaka oshirayotgan harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar xizmatchilari oʻzbek tilini oʻzlashtirish boʻyicha oʻziga xos yutuqlarga erishayotgani haqida soʻz yuritib, oʻzaro hamkorlik uchun mutaxassislarga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.

Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligidan til oʻrganishga jazm etgan 75 yoshli isteʼfodagi polkovnik Aleksandr Xorlamovning uch oy davomida oʻzbek tilini oʻrgangani eʼtiborga molikdir.

Oʻzbek tilini oʻzlashtirgan Qurolli Kuchlar safidagi oʻzga millat vakillariga sertifikat bilan birga lotin tiliga asoslangan, harbiy atamalarga eʼtibor qaratilgan oʻzbek tili imlo lugʻatidan iborat kitoblar sovgʻa qilindi.

Biz oʻz tilimizni qay darajada eʼzozlasak, yurtimizda istiqomat qilayotgan oʻzga millat vakillari ham davlat tiliga hurmat nazari bilan qaraydi, oʻzlashtirishga intiladi. Koʻplab rivojlangan mamlakatlarda oʻsha yerdagi davlat tilini egallagan oʻzga millat vakillariga maʼlum imtihonlardan soʻng, doimiy yashash uchun ruxsat berilishi ham fikrimiz dalilidir. Toʻgʻri, bizning bagʻri keng mamlakatimizda bunday qonun ustuvor emas, biroq oʻzga davlatlardagi bu talab, tilimiz qadri, obroʻ-eʼtibori oʻz qoʻlimizda ekanidan dalolatdir. Zero, davlat tili millat iftixori boʻlishi shart!

Zulfiya YUNUSOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting