Tibbiyot sohasi mutaxassislari harbiy xizmatchilarga maslahatlar berdi

0
2047

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy-tibbiyot akademiyasi harbiy epidemiologiya va bioxavfsizlik kafedrasi hamda Mudofaa vazirligi Sanitar-epidemiologik nazorat markazi mutaxassislari issiq kunlarda oftob urishi va issiqlik oʻtishining oldini olish, zaharli hasharotlardan himoyalanish, ular chaqqanda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, ovqatlanish madaniyatiga rioya etish hamda ortiqcha vazn bilan kurashish borasida maʼruza qildi.

Inson tanasining ichki harorati har doim barqaror boʻladi, shuning uchun atrof-muhit harorati oshib ketganida organizm salqinlikni talab qiladi. Birinchi navbatda bu qon tomirlarining kengayishi va teri yuzasiga qon oqib kelishining oshishi hisobiga amalga oshadi. Terning bugʻlanishi ham terini sovitadi, lekin haddan ortiq ter ajralib chiqishi degidratatsiyaga olib kelishi mumkin.

Oftob urishi — bu tananing haddan tashqari qizib ketishidir. Ushbu holat quyoshning inson tanasiga uzoq vaqt taʼsir etishi va nurlarning tanaga toʻgʻridan toʻgʻri taʼsir qilishi natijasida yuzaga keladi. Bunday hollarda kompensatsion mexanizmlar issiqlik uzatilishiga bardosh bera olmaydi va tana harorati sezilarli darajada koʻtariladi. Buning taʼsiri quyosh nurlari tanaga tushayotgan paytda ham, oradan bir necha soatdan keyin ham sodir boʻlishi mumkin. Oftob urishi tanadagi yalligʻlanish reaksiyalarini faollashtiradi va buning natijasida turli organlar, ularning tizimlari bilan bogʻliq muammolar yuzaga keladi.

Suhbat davomida mutaxassislar harbiy xizmatchilarga issiqlik oʻtishi yoki oftob urishidan qanday himoyalanishni, organizmning suvsizlanishining oldini olish boʻyicha tavsiyalarini berib, bilimlarini boyitishdi.

Oʻquv mashgʻulotlari davomida dala chiqishlariga chiqqanda choʻlda mavjud boʻlgan zaharli hasharotlar, ilon, chayon, har xil oʻrgimchaksimonlardan himoyalanish, ular chaqqanda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha mutaxassislar tomonidan berilgan maʼlumotlar hech kimni befarq qoldirmadi.

Ovqatlanish madaniyatiga rioya etish, yaʼni meyorida ovqatlanish, ratsionga hoʻl meva, sabzavotlar, dukkakli mahsulotlarni qoʻshish, ovqatlanish oraligʻini saqlash, serharakat boʻlish hamda ortiqcha vaznni toʻplamaslik boʻyicha berilgan maslahatlar, sogʻlom turmush tarzini targʻib etuvchi maʼlumotlar, albatta, har kim uchun foydali va kerakli boʻlib qoldi.

Tadbir davomida harbiy xizmatchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan batafsil maʼlumot olishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting