Uyushqoqlik va birodarlik sifatlarini oshirishga qaratilgan ko‘rik-tanlov

0
1078

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida harbiy xizmatchilarning tayyorgarlik darajasini oshirish, qo‘shilma, harbiy qism va muassasalardagi muddatli harbiy xizmatchilarning nazariy va amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish, shaxsiy tarkib o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, muddatli harbiy xizmatchilarning uyushqoqlik va birodarlik sifatlarini oshirish maqsadida ular o‘rtasida “Eng ilg‘or mutaxassis” ko‘rik-tanlovi muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Hozirda barcha harbiy okruglarda ushbu musobaqa uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda. Jumladan, Toshkent harbiy okrugiga qarashli “Chirchiq” umumqo‘shin poligonida musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tib, hozirda yigitlar o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazyapti.

Mazkur ko‘rik-tanlov jami 29 yo‘nalishda o‘tkazilmoqda. Toshkent harbiy okrugida esa askarlar “Eng ilg‘or BMP nishonga oluvchisi”, “Eng ilg‘or BMP mexanik haydovchisi”, “Eng ilg‘or BTR nishonga oluvchisi”, “Eng ilg‘or BTR mexanik haydovchisi”, “Eng ilg‘or tank nishonga oluvchisi” va “Eng ilg‘or mexanik haydovchisi” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro bellashadi.

Hozirda musobaqalar o‘zining qizg‘in pallasiga kirgan.

Leytenant Islombek Qo‘chqorov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti