Shimolda 73 nafar yosh harbiy xizmatchiga bayramda navbatdagi harbiy unvon berildi

0
4209

Yurtimizda 2017 yildan beri keng nishonlanayotgan 30 iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda xizmat qilib kelayotgan 73 nafar yosh harbiy xizmatchilarga tantanali tarzda navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi.

“O‘zbekiston yoshlariga bayram tabrigi”da davlatimiz rahbari: “Bugungi kunda maktab, kollej, texnikum va oliygohlarda bilim olayotgan, o‘z shaxsiy ishini ochib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan, Qurolli Kuchlarimiz saflarida yigitlik burchini sharaf bilan ado etayotgan, ishlab chiqarish, qurilish, ilm-fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot va san’at, sport sohalariga, zamonaviy IT-texnologiyalari yo‘nalishlariga dadil kirib borayotgan, katta orzu-umidlar bilan yashayotgan 18 milliondan ziyod o‘g‘il-qizlarimiz – bizning bebaho boyligimiz, oltin zaxiramizdir” – deya ta’kidlagan.

Darvoqe, so‘nggi 6-7 yilda mamlakatimiz yoshlariga yaratilayotgan katta imkoniyat va imtiyozlar evaziga bugun o‘sib kelayotgan avlod butun jahonda O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligini amalda isbotlab kelmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, navqiron avlodimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash, o‘g‘il-qizlarimizning bilim olishi, mehnat qilishi, o‘z qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha sharoitlarni yaratish so‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani va bu borada ulkan ishlar amalga oshirilayotganini yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

30 iyun – “Yoshlar kuni” bayrami munosabati bilan Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida bo‘lib o‘tgan tantanada mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Alisher Norboyev ishtirok etib, harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarini tabrikladi.

Vazir o‘rinbosari o‘z nutqida yoshlarimiz berilayotgan e’tibor va imkoniyatlardan zavq olib, o‘z bilimini mustahkamlab borsa, qaysi soha vakili bo‘lishidan qat’iy nazar yurtimizning kelajagiga munosib hissa qo‘shadigan shaxs bo‘lsa, barchamiz asosiy maqsadimizga erishgan bo‘lar edik deya ta’kidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng, sana munosabati bilan namunali hulqi va Vatan himoyasidek muqaddas vazifaga bo‘lgan ulkan mas’uliyati uchun 30 yoshgacha bo‘lgan 48 nafar ofiser va 25 nafar serjantlarga navbatdagi harbiy unvonlar tantana bilan topshirildi.

Ta’kidlash joizki, milliy armiyamizni salohiyatli kadrlar bilan butlashda kelajagimiz bo‘lmish yoshlarga tayaniladi. Zamonaviy fikrlaydigan, keng dunyoqarashli, jismonan barkamol, mard va jasur o‘g‘lonlar bugun armiyamiz saflarini to‘ldirib, sarhadlarimiz, yurtimiz himoyasida mardlik namunasini ifoda etmoqda. Har yili minglab yoshlarimiz muddatli harbiy xizmatga, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga borib, ularning ko‘pchiligi kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatda qolib, hayotini armiyaga bag‘ishlamoqda. Oliy harbiy ta’lim muassasalarining har yilgi qabullarida ko‘plab yoshlarimiz “kursant” degan sharafli nomga sazovor bo‘lmoqda.

So‘nggi yillarda milliy armiyamizda bo‘layotgan tub islohotlar, yangilanish va takomillashish jarayonida har yili ko‘plab yosh harbiy xizmatchilar respublika va xalqaro miqyosdagi tanlovlar, sport va harbiylashgan musobaqalarda yurtimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarib, kuch-qudratimizni namoyon etmoqda.

Bayram tadbiri davomida muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan qo‘l jangi hamda faxriy qorovul vzvodining saf elementlaridan iborat ko‘rgazmali chiqishlari barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi. Ma’naviyat va ma’rifat markazida harbiy xizmatchilar farzandlari uchun faoliyat yuritayotgan qo‘l jangi va gimnastika to‘garaklari a’zolarining chiqishlari xushkayfiyat ulashdi.

Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazining harbiy orkestri jamoasi hamda qoraqalpog‘istonlik san’atkorlar tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

 

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting