Nukusda eng yaxshi yosh kitobxon aniqlandi

0
961

Zamonlar oshsa hamki, o‘z asarlari bilan qalblarni ma’naviyat bulog‘i bilan sug‘orib kelayotgan Jomiy hazratlari o‘z she’rida kitob insonning eng yaqin do‘sti, deya e’tirof etadi. Kitob o‘qigan insonning tafakkuri charxlanadi, fikrlash doirasi kengayadi.

Bugun yurtimizda kitobga bo‘lgan qiziqish ancha yuqori. Bunda albatta, kitobxonlikka qaratilgan tadbirlarning o‘rni beqiyos. Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida o‘tkazilib kelinayotgan “Eng yaxshi yosh kitobxon” tanlovi ana shunday tadbirlardan biri sanaladi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda mazkur tanlovning saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlovda Nukus va Urganch garnizonlari harbiy qism va muassasalaridan saralangan kitobsevar harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Tafakkur “jang”ida eng yosh kitobxonlar “O‘zbek adabiyoti bilimdoni”, “Jahon adabiyoti bilimdoni” hamda “Badiiy asardan parcha” shartlari bo‘yicha bellashib, adabiyotning haqiqiy ixlosmandlari ekanini isbotladi. 

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining “Kitobxon talabalar uyushmasi” faollari tomonidan tanlov ishtirokchilari baholandi. Tanlov doirasida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi kitobxon talaba” tanlovining faxrli 3-o‘rin egasi Aqsingul Qoshmuradova harbiy xizmatchilarga kitobning inson hayotida tutgan o‘rni, qoraqalpoq adabiyoti haqida so‘zlab berdi.

Adabiyotga oshno qalblarni bir joyga jamlagan tanlov juda qiziqarli va mazmunli suhbatlarga boy o‘tdi. Tanlov g‘olib va sovrindorlari Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting