Farg‘onada harbiy-vatanparvarlik tadbirlari bo‘lib o‘tdi

0
648

Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari Farg‘ona va Аndijon garnizonidagi harbiy qismlarda yoshlar uchun “Harbiy qismda bir kunim” loyihasi doirasida tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Unda yoshlar o‘quv sinflari, otish trenajyor xonalari va ruhiy zo‘riqishlarni yengish xonalarida harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, Аmir Temur va Jaloliddin Manguberdi tematik sinfxonalarida ajdodlarimizning shonli yurishlari haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Shu kuni yoshlar uchun turli sport musobaqalari ham tashkil qilindi.

Harbiy qismga kelganlar shu bilan birga, harbiy psixologiya tereninglarida ishtirok etib, havo desant shaharchasida parashutdan sakrash, jangovar qurollarni sochib yig‘ish kabi bir-biridan murakkab mashqlarda ham o‘zlarini sinab ko‘rdi.

Shuningdek, Farg‘ona shahrida ham “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik festivali o‘tkazildi. Unda Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi, Farg‘ona garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari, harbiy orkestr jamoasi, yoshlar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Festival doirasida harbiy orkestr jamoasi va yosh xonandalar tomonidan vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Faxriy qorovul va  qo‘l janggi ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Tadbir davomida shaxmat va shashka musobaqalari ham tashkil etildi. Yakunda faol yoshlar munosib taqdirlandi.

                                       Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting