Qo‘mondonlikda eng ilg‘or yetakchi va eng yaxshi kitobxon aniqlandi

0
1575

Habaringiz bor “Yoshlar oyligi” doirasida turli musobaqalar, ko‘rik-tanlovlar respublikamizning deyarli barcha hududlarida yuqori saviyada o‘tkazilib kelinmoqda. Yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.  

Jumladan, iqtidorli yosh harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan harbiy qismlarning birida yoshlar Forumi bo‘lib o‘tdi.

2 kun davom etgan Forum respublikamizning deyarli barcha hududlaridagi harbiy qismlardan saralanib kelgan bir guruh harbiy xizmatchilarning saf ko‘rigidan boshlandi. Unda saf tayyorgarligi bo‘yicha nazariy bilimlar amalda sinovdan o‘tkazildi.

Shundan so‘ng harbiy qism Madaniyat markazida “Eng yaxshi yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining qo‘mondonlik bosqichi o‘tkazildi. Unda 7 nafar ishtirokchi “O‘zbek adabiyoti bilimdoni”, “Jahon adabiyoti bilimdoni”, “Badiiy asardan parcha” shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashuvga kirishdilar. Har bir shartlarda ishtirokchilar o‘zlarining bilimi va zukkoligini namoyon qildilar.

Murosasiz va qiziqarli kechgan bellashuvda Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismdan kichik serjant Dostonjon Abdug‘offorov  g‘alaba qozonib, Mudofaa vazirligi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Forumning keying kunida “Eng ilg‘or boshlang‘ich tashkilot yetakchisi” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Unda harbiy qismlarda boshlang‘ich tashkilot faoliyatini o‘rganish, yetakchilarning bilim va ko‘nikmasini oshirish hamda baholash asosiy maqsad qilib olindi. Yoshlar yetakchisining faoliyati davomida erishgan natijalarini baholash, harbiy qismlar o‘rtasida hamkorlik va sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tanlovda ishtirokchilar ma’lum shartlar asosida o‘zaro bellashishdi.

Har bir ishtirokchining chiqishlar hakamlar hay’ati tomonidan odilona, shaffof va adolatli tarzda baholanib borildi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarning yakuniy natijalariga ko‘ra Buxoro viloyatida joylashgan harbiy qism boshlang‘ich tashkilot yetakchisi leytenant Rustam G‘ofurov mutloq g‘olib deb topildi va Mudofaa vazirligi bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Bundan tashqari, Forum doirasida harbiy xizmatchilar o‘rtasida harbiy birodarlik tuyg‘ularini yanada rivojlantirish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish  maqsadida sportning mini futbol turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.

Forum yakunida Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismda ko‘rik-tanlovlarda g‘alaba qozongan yosh harbiy xizmatchilarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti

 

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting