Oliy harbiy ta’lim muassasalarida navbatdagi bitiruv marosimlari bo‘lib o‘tdi

0
2396

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy taʼlim muassasalarida ofitser boʻlishni maqsad qilib, belgilangan muddat davomida tanlagan sohalari boʻyicha taʼlim-tarbiya olgan oʻgʻlonlarning navbatdagi bitiruv tantanalari boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizdagi eng nufuzli va tayanch oliy harbiy taʼlim muassasa sanalgan Qurolli Kuchlar akademiyasida oʻtkazilgan bitiruv tadbirida mazkur oliy harbiy taʼlim dargohining va Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi bitiruvchilari saflarga kuzatildi.

Ushbu tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov ishtirok etib, yosh ofitserlarni samimiy qutlab, ularga taʼlim-tarbiya bergan ustoz-murabbiylar va ota-onalarning mehnatini eʼtirof etdi. Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham bitiruvchilarga oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirdilar.

Shuningdek, ota-onalar, yozuvchi va shoirlar hamda Qurolli Kuchlar faxriylari bitiruvchilarni qutlab, ularning kelgusi xizmat faoliyatlarida va shaxsiy hayotlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Yosh leytenantlar ham zimmalaridagi ulkan masʼuliyatni his qilgan holda bildirilgan yuksak ishonchga munosib faoliyat yuritishga vaʼda berdilar. Bitiruv marosimi turli sahna chiqishlari va konsert dasturlari bilan davom etdi.

Qarshi shahrida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida ham samo lochinlari saflarga tantanali kuzatildi. Bu yilgi bitiruv bilim yurti shonli tarixida 26-bitiruv sifatida oʻrin egalladi.

Tadbirda mudofaa vazirining oʻrinbosari — Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondoni general-mayor Ahmad Burhonov va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Zaynobiddin Iminov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etib, bitiruvchilarning kelgusidagi faoliyatlariga omad va zafarlar tiladi.

Darhaqiqat, bugungi bitiruvchilar 5 yil mobaynida bilim yurtida zamonaviy bilim olib, intellektual salohiyatli kadr sifatida tayyorlanib, Qurolli Kuchlarimizning Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari tarkibiga munosib uchuvchi va muhandis sifatida kuzatildi.

Mamlakatimizdagi yana bir nufuzli va tayanch oliy harbiy taʼlim muassasalaridan biri sanalgan Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida oʻtkazilgan bitiruv tadbirlari yuqori saviyada tashkil qilindi.

Bilim yurti bitiruvchilariga diplom va koʻkrak nishonlarini mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov,  Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, Qurolli kuchlar faxriylari hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlaridan kelgan mehmonlar birgalikda tantanali topshirdilar. Ularga yangi-yangi dovonlarni zabt etishlarida tolmas kuch-quvvat tilashdi. Yosh ofitserlar ham zimmalaridagi ulkan masʼuliyatni his qilgan holda o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonchni kelgusidagi munosib faoliyati bilan oqlashga  vaʼda berdilar.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida o‘tkazilgan bitiruv marosimida belgilangan muddat davomida tanlagan sohalari boʻyicha taʼlim-tarbiya olgan kursantlar ham qo‘llariga diplom va koʻkrak nishonlarni olar ekan, muassasada yaratilgan shart-sharoitlar, berilgan bilim, tajriba va koʻnikmalar uchun minnatdorchilik bildirdi.  

Tantanal marosimda soʻzga chiqqanlar yosh ofitserlarni samimiy tabriklab, kelgusi faoliyatlariga ulkan zafarlar tiladi.

Aloqa harbiy instituti bitiruvchilariga diplom va koʻkrak nishonlarini mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda tantanali topshirdi.

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi barcha oliy harbiy ta’lim muassasalarida kursantlarning bitiruv marosimlari yuqori saviyada o‘tkazildi. Joylardagi bayramona tadbirlarda yosh leytenantlar tantanali marsh bilan saflarga kuzatildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting