Termizda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

0
1131

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug Termiz garnizonida joylashgan harbiy qism madaniyat markazida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Iqboljon Mirzaaliyev, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug ma’sul ofiserlari, kengashning viloyatdagi vakillari, harbiy xizmatchilar  hamda “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari  ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston xalq shoiri Iqboljon Mirzaaliyev 2023-yil 1-yarim yilligi davomida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi va uning mintaqaviy bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusi vazifalar borasidagi ma’ruzasi bilan yig‘ilishni ochib berdi.

Jamoatchilik kengashi raisi O‘zbekiston Prezidentining mudofaa va xavfsizlik borasidagi topshiriqlari monitoringini yuritish, bu orqali amaliy ishlarni yo‘lga qo‘yishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish, shu bilan birga, harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ma’rifiy ongini shakllantirishda tadbirlarni tizimli ravishda o‘tkazishni taklif qildi.

Tadbir davomida Jamoatchilik kengashining viloyatdagi vakillari birma-bir so‘zga chiqib, mavjud muammolar yuzasidan fikr bildirdi va amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan o‘z mulohazalarini so‘zladi. Shuningdek, yig‘ilishda Kengash a’zolari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Xususan jamoatchilik kengashining xalq va milliy armiya o‘rtasida uzviy bog‘likligi muhokama qilindi, uning faoliyatida hamfikrlik hamda yakdillikni yanada mustahkamlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.

So‘nggi vaqtlarda Jamoatchilik kengashi a’zolari asosan bayramlar munosabati bilan harbiy qism va muassasalarga tashrif buyurayotganligi, Kengash nizomida belgilangan talablar va kengash tomonidan yil boshida qabul qilingan reja tadbirlarining bajarilishiga, umuman Jamoatchilik kengashi faoliyatiga barcha a’zolarning birdek yondashmayotganligi tanqid qilindi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Kengash a’zolari tomonidan bayram munosabati bilan o‘tkaziladigan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlar rejasi belgilab olindi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda  «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati a’zolari ham ishtirok etdi. Tadbirda maktabni a’lo baholarga tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining bir nafar a’zosiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma topshirildi. Eslatib o‘tamiz tavsiyanomaga egalar respublika oliy harbiy ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklida imtiyozga ega bo‘ladi.

 

Kengash yig‘ilish  ochiq eshiklar kuni tadbiriga ulanib ketdi. Jamoatchilik kengashi a’zolari va yoshlar harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy qurol-yaroqlar ko‘rgazmasi hamda harbiy qism muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting