Termizda harbiy xizmatchilarning o‘zaro tajriba almashish Forumi bo‘lib o‘tdi

0
1600

Yurtimizda 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan joriy yilning iyun oyi “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida “Yoshlar oyligi” sifatida e’lon qilindi. Oylik yoshlarni yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik, Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida katta yutuqlarga erishgan va bugungi kunda yoshlarga namuna bo‘layotgan zamonamiz qahramonlari bilan yoshlar uchrashuvlari, kitobxonlik, she’riyat va nasr kechalari, mushoiralar o‘tkazish orqali yoshlarning iste’dodini namoyon etishiga ko‘maklashish, yosh ijodkorlarni kashf etish maqsadiga qaratilgan.

Ana shunday tadbirlardan biri Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan madaniyat va ma’rifat markazida harbiy xizmatchilarning o‘zaro tajriba almashish Forumi sifatida tashkil qilindi.

 

Forumda Janubiy operativ qo‘mondonligi rahbariyati, Surxondaryo viloyat Mudofaa ishlar boshqarmasi xodimlari, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi faollari, “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari va  harbiy qismlarda samarali faoliyat yuritayotgan, turli xalqaro musobaqalar g‘oliblari, davlat mukofoti sovrindorlari bo‘lgan harbiy xizmatchilar hamda bir guruh yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda so‘z olganlar bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar, harbiy qismlarda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, yoshlarni muddatli harbiy xizmatga borishi, shartnoma asosida harbiy xizmatni davom ettirishi hamda oliy harbiy bilim yurtlarining imtiyozlari, shuningdek, yurt himoyachilari erishayotgan yutuqlari haqida gapirib o‘tdi. Shundan so‘g Xalqaro armiya o‘yinlarida O‘zbekiston bayrog‘ini yuqoriga ko‘targan harbiy xizmatchilar, sport va ta’lim yo‘nalishida yuqori marralarga erishgan yoshlar o‘zlarining faoliyati, yutuqlari hamda kelajakdagi rejalari to‘g‘risida Forum ishtirokchilari bilan o‘rtoqlashdi.

 

Bundan tashqari, tadbir davomida 50 nafar “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy vatanparvarlik harakati a’zosiga respublikamizning oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra o‘zlari to‘plagan balning 5 foizi miqdorida  qo‘shimcha ball beradigan tafsiyanomalar tantanali topshirildi.

Shuningdek, tadbirda Termir shahar madaniyat markazi san’atkorlari hamda Termiz garnizoni harbiy orkestr jamoasining konsert dasturlari ham o‘rin olgan bo‘lib, unda ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar Forum ishtirokchilariga bayramona kayfiyat ulashdi.

Tadbir yakunida yoshlar harbiy qismda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting