Nukusda askarlarning huquqiy bilimlari boyitildi

0
773

Mamlakat xavfsizligi va yurt himoyasini ta’minlash harbiy xizmatchilardan bukilmas iroda, sadoqat va matonatni talab qiladi. Yurt qo‘rishdek mas’uliyatli vazifaga bel bog‘lagan insonlarning huquq va erkinliklari qonunlar hamda boshqa yuridik hujjatlar bilan kafolatlanadi. Harbiy burchni bajarish esa umumharbiy nizomlar hamda boshqa rahbariy hujjat talablariga qat’iy rioya etishni talab qiladi.

Muddatli harbiy xizmatga kelganiga bir necha oy bo‘lgan yurtimizning eng sara o‘g‘lonlari harbiy muhitga anchagina moslashib, jangovar hamda ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlaridan bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashda davom etmoqda. Ular bilan olib borilayotgan mashg‘ulotlar, turli ma’naviy-ma’rifiy, madaniy hamda sport tadbirlari irodasini toblab, haqiqiy Vatan himoyachisida bo‘lishi kerak bo‘lgan sifatlarni shakllantirishga ko‘maklashmoqda. Shuningdek, armiyaga kelgan yoshlarning siyosiy hamda huquqiy bilimlarini boyitish, mas’uliyat, harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda hurmat hissini oshirish maqsadida harbiy prokuratura organlari bilan hamkorlikda profilaktik tadbirlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Ana shunday profilaktik tadbirlarning navbatdagisi Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida tashkil etilib, unda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi hamda Nukus harbiy prokuratura rahbariyati tomonidan muddatli harbiy xizmatchilar bilan mazmunli davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

“Prokuror va yoshlar” deb nomlangan tadbirda so‘z olgan Nukus harbiy prokurori adliya polkovnigi Ulug‘bek Abdurahimov hamda harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik Ulug‘bek Dusmatov harbiy xizmatchi bilishi zarur bo‘lgan qonun hujjatlari hamda normalari, umumharbiy nizomlar talablarini yetkazib, askarlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirishga chaqirdi.

Suhbat davomida harbiy xizmatchi har doim yuksak madaniyat, kamtarlik va bosqinlikning namunasi bo‘lib xizmat qilishi, askariy or-nomusni muqaddas saqlashi, o‘z qadr-qimmatini himoya etishi va o‘zgalarning qadr-qimmatini hurmat qilishi zarur ekanligi tushuntirildi. Harbiy xizmatdan bo‘yin tovlash, komandir va boshliqlarning buyruqlarini bajarmaslik, harbiy mulkka shikast yetkazish hamda xizmatga mas’uliyatsizlik qonun bilan jazolanishi uqtirildi.

Tadbir davomida askarlar soha mutaxassislaridan qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar olishdi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting