Fuqarolarning murojaatlari atroflicha oʻrganildi

0
1676

Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, xalq bilan muloqot, odamlarni rozi qilish borasida mutasaddi rahbarlarning fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ariza, taklif va shikoyatlari bo‘yicha bevosita shug‘ullanayotgani o‘z samarasini bermoqda.

Mudofaa vazirligi fuqarolar qabulxonasida vazirning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev tomonidan o‘tkazilgan qabul jarayonida saksonga yaqin murojaatlar ko‘rib chiqildi. Unda umid ilinjida shu yerga kelgan fuqarolar, harbiy xizmatchilar o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolar, anchadan beri yechimini kutayotgan savollar, ariza va takliflari bilan yuzlandi.

Vazirlikning tegishli bosh boshqarmalari boshliqlari, mas’ul ofitserlari, mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan qabul ortiqcha rasmiyatchiliksiz, ochiq va samimiy muloqot tarzida o‘tdi. Muammolar chuqur o‘rganilib, tahlil qilindi. Har bir murojaat imkon darajasida joyida hal qilinib, zarur hollarda huquqiy ko‘mak berildi. O‘rganishga qo‘shimcha vaqt talab qiladigan arizalar ijrosini qat’iy ta’minlash yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berildi. Muhimi, ertalabdan boshlangan qabul jarayonida hech bir murojaat e’tiborsiz, javobsiz qoldirilmadi.

 

 

– Yoshimiz oshib borgani sayin, farzandlar ko‘magiga ehtiyojimiz ham ortib boraverarkan. Ayniqsa, o‘g‘il farzandning o‘rni keksa ota-ona uchun juda muhimligini mana endi anglab yetayapmiz, – deydi Po‘lat ota Ikromov. – Oilamizda bir o‘g‘il farzandimiz bo‘lsada, uni Vatan himoyachisi bo‘lish orzusidan mahrum etmadik. Ming shukurki, o‘tgan yillar davomida o‘g‘lim yurtimizning turli go‘shalarida o‘z burchini o‘tab kelmoqda. Ammo, keksayib borayotganligimiz sabab, Angren shahrida xizmat burchini ado etib kelayotgan o‘g‘limizni Samarqand viloyatiga yaqinroq hududlardan biriga ko‘chirib berishni so‘rab murojaat etdik. Ayolim bilan mening holatimni to‘g‘ri tushungan mas’ullar iltimosimizni ijobiy hal etishdi. Biz kabi murojaatchilarning iltimoslarini qonun doirasida hal etilishida yaqindan ko‘maklashayotgan Mudofaa vazirligi rahbariyatiga minnatdorligimizni bildiramiz.

Sherzod ShARIPOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyala
r departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting