Qo‘mondonlikda sport musobaqalari o‘tkazildi

0
1252

Sportda nafaqat jismoniy kuch, balki kishining irodasi, hatto fikrlashi ham muhim ahamiyatga ega. Chunki g‘alabaning bir kaliti jismoniy tayyorgarlik bo’lsa, ikkinchi kaliti ruhan chiniqish sanaladi. Shu ma’noda, Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligida o‘tkazilgan sport festivalida yoshlar nafaqat qizg‘in bellashuvlarda kuch va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi, balki har tomonlama chiniqish ham xosil qildi, desak yanglishmaymiz.

Festival doirasida bo‘lib o‘tkan qo‘l janggi musobaqasida turli viloyatlardagi harbiy qismlardan saralangan 5 ta jamoa o’zaro bellashdi. Shiddatli va murosasiz kechgan mazkur musobaqada Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlardagi harbiy qismlardan tashkil topgan jamoa 3-o‘rinni, Navoiy va Samarqand viloyatidagi harbiy qismlardan iborat jamoa 2-o‘rinni egalladi. Toshkent viloyati va Sirdaryo viloyatida joylashgan harbiy qismlardan iborat jamoa esa musobaqaning mutlaq g‘olibi deb topildi.

Sport festivallari doirasida bodybuilding, fitness, mas-wrestling, arm-wrestling, powerlifting bo‘yicha ham O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. Murosasiz kechgan mazkur bellashuvlarda sportning bodybuilding turi bo‘yicha 65 kg vazn toifasida mayor Mirjalol Murodov faxrli I o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, Yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida, Mudofaa vazirligiga qarashli Navoiy viloyati Uchquduq shahrida joylashgan harbiy qism tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!” shiori ostida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mahalliy yoshlar hamda harbiy xizmatchilar o‘rtasida sportning milliy kurash turi bo‘yicha ham musobaqa o‘tkazildi. Do‘stona va shiddatli kechgan musobaqa yakunida faxrli o‘rinni egallaganlarga harbiy qism qo‘mondonligining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatida joylashgan harbiy qism tashabbusi bilan sportning muay-tay turi bo‘yicha “Harbiy qism komandiri kubogi” turniri bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona viloyati federatsiyasining sportchi yoshari va muay-tay sport turi bo‘yicha harbiy qismda tashkil etilgan to‘garak a’zolari ishtirok etishdi.

Bir so‘z bilan aytganda, sport festivali ko‘plab yoshlarni bir maqsad ostida birlashtira oldi. Bu kabi tadbirlar esa qo‘shinlarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga, armiya va yoshlar birdamligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting