Zangiotada sport musobaqalari g‘oliblari taqdirlandi

0
859

Yurtimiz bo‘ylab “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida “Yoshlar oyligi” doirasida keng qamrovli harbiy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, Zangiota tumani hokimligi, Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti, harbiy qism va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda Zangiota tumani hokimi Abduvahob Tamikayev, institut rahbariyati, kursantlar, muddatli harbiy xizmatchilar va tuman yoshlari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqan tuman hokimi yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning natijasi xususida fikr bildirdi. Yaqinlashib kelayotgan yoshlar kuni munosabati bilan barchani qizg‘in tabrikladi.

Shundan so‘ng, stol tennis, yengil atletika, raqs, workout, shaxmat-shashka, kibersport, fudbol bo‘yicha sport musobaqalarida faxrli o‘rinni egallagan yoshlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Qolaversa, sportning Jiu-jitsu bo‘yicha hokim kubogi uchun tashkil etilgan musobaqada faxrli o‘rinni egallagan muddatli harbiy xizmatchilar ham munosib rag‘batlantirildi.

Tadbirning badiiy qismida “Impuls” jamoasining musiqali chiqishlari, havaskor yoshlarning kuy-qo‘shiqlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Ro‘ziqul OCHILOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti

 

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting