“Vatanparvar” tashkiloti tizimida “Rais va yoshlar” uchrashuvlari o‘tkazilmoqda

0
886

“Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi “Yoshlar oyligi” munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining hududiy kengashlari raislari yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri tashkilotning Andijon viloyati kengashida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda kengash raisi Sardorbek Qodirov tizimda faoliyat yuritayotgan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlar va tashkilot sportchilari bilan bevosita muloqot qildi.

Uchrashuv mobaynida Sardorbek Qodirov “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular orasida sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish hamda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan texnik kasb mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha amalga oshirib kelinayotgan keng qamrovli ishlarda tashkilotning yosh xodimlari va sportchilari o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidladi. U, shuningdek, tashkilot yoshlarni o‘z imkoniyati doirasida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etishini va bu borada bir qator yangi mexanizmlar ishlab chiqilayotganligini bildirdi.

O‘z navbatida tadbirda ishtirok etgan tashkilotning yosh xodimlari va sportchilari so‘zga chiqib, ularni o‘ylantirib kelayotgan ayrim masalalarni hamda yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarini bildirdilar.

Natijada yoshlar tilga olgan muammolarning aksariyati ushbu tadbirning o‘zidayoq yechimini topdi va bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar inobat olinishi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, “Vatanparvar” tashkiloti Samarqand viloyati kengashi raisi Bekzod Rahimov va Buxoro viloyati kengashi raisi Rustam Bayozov ham tizimda faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar va sportchilar bilan bevosita muloqotda bo‘ldi.

Ushbu tadbirlar davomida xalqaro sport musobaqalarida bir necha marotaba g‘oliblikni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz dong‘ini butun dunyoga taratishda o‘zlarining ulkan hissalarini qo‘shib kelayotgan tashkilot sportchilariga minnatdorlik bildirildi va ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting