Janubda ayol harbiy xizmatchilarning  ijtimoiy-huquqiy masalalari o‘rganildi

0
2179

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismda “Harbiy prokuratura — armiya prokuraturasi” shiori ostida Surxondaryo  viloyati kuch tuzilmalaridagi harbiy qism va muassasalarda xizmat qilayotgan ayol harbiy xizmatchilar bilan keng qamrovli uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda ayol harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash, mavjud muammolarini joylarga chiqqan holda o‘rganish va hal qilinishini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Xususan, mas’ullar tomonidan xotin-qizlarni himoya qilishning ijtimoiy-huquqiy asoslari, ularni qo‘llab-quvvatlash va yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’ruza qilindi. Mavzuga doir harbiy xizmatchi ayollarning murojaatlari tinglandi.

Asosiy uchrashuvlardan so‘ng Surxondaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Termiz harbiy gospitali bilan hamkorlikda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Unda ayol harbiy xizmatchilar malakali shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tekshiruvlar holatiga ko‘ra zarur maslahatlar berildi.

Shuningdek, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy masalalariga bag‘ishlangan tashriflar doirasida Termiz shahar madaniyat va turizm markazi sana’tkorlari tomonidan konsert dasturlari va muzeylarga sayohatlar tashkil qilindi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting