“TechnoWays – 2023” harbiy-ilmiy innovatsion marafon-festivaliga start berildi

0
1766

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida “TechnoWays – 2023” harbiy-ilmiy innovatsion marafon-festivali o‘tkazilmoqda.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi hamda Mudofaa vazirligi Harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi tashabbusi bilan ilk marotaba tashkil etilgan tadbirning tantanali ochilish marosimida Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari general-mayor Shuhrat Xalmuxamedov Mudofaa vazirligi tizimida harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar xizmatchilarining innovatorlik faoliyati bilan shug‘ullanishiga sharoit yaratish, mehnatini munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

– Festivaldan ko‘zlangan maqsad vazirlik tizimida innovatorlik faoliyati natijalarini (ishlanmalarini) ishlab chiqarishga yo‘naltirish hamda loyiha mualliflarini moddiy rag‘batlantirishga qaratilgan, – deydi Mudofaa vazirligi Harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi Ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Habibulla Hasanboyev. – Vazirlik qo‘shinlari va ta’lim muassasalari shaxsiy tarkibining festivalda namoyish etilayotgan hamda texnik ekspertizadan muvaffaqiyatli o‘tgan eng yaxshi ishlanmalari kelgusida xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etadi.

Tadbirda Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtining innovatsion loyihalari bilan qator tanlovlarda g‘olib bo‘lgan bir guruh kursantlari Yoshlar akademiyasining a’zolik nishoni bilan taqdirlandi. Shundan so‘ng start-up va innovatsion loyihalar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Unda harbiy va maxsus texnika, aloqa vositalari va avtomatlashtirilgan boshqaruv uskunalari bilan jihozlangan o‘nlab ishlanmalar taqdimot qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, “TechnoWays – 2023” harbiy-ilmiy innovatsion marafon-festivali joriy yilning 16 iyuniga qadar davom etadi.

Katta leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar
departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting