G‘uzor tumanida o‘tkazilgan festivalda minglab yoshlar qamrab olindi

0
1098

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida “Yoshlar oyligi” doirasida “Barcha kuch-g‘ayratimiz, bilim va shijoatimiz Vatan uchun!” shiori ostida keng qamrovli harbiy-vatanparvarlik festivali bo‘lib o‘tdi. Tadbir viloyat hamda tuman hokimliklari, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug va kuch tuzilmalar, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Yoshlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik va faol hayotiy muhitni targ‘ib etish, aholi vakillarini madaniy hordiq olishlarini ta’minlashni maqsad qilgan tadbirga mingdan ortiq g‘uzorliklar jam bo‘ldi.

Dastlab tumanning markaziy ko‘chasi bo‘ylab harbiy xizmatchilar, hamkor tashkilotlar va yoshlar ishtirokida saf yurishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning asosiy qismi G‘uzor tumanining “Istiqlol” istirohat bog‘ida davom etdi. Jumladan, harbiy xizmatchilar tomonidan yoyilgan o‘quv nuqtalarida yoshlar harbiy aslahalar va qurollar haqida dastlabki tushunchalarga ega bo‘lishdi. Mahalla yoshlari va harbiy xizmatchilar o‘rtasida tashkil qilingan bellashuvlarda ertamiz egalarining barkamol bo‘lib voyaga yetishida sportning nechog‘lik ahamiyatli ekanini singdirish maqsad qilindi. Harbiylar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmali chiqishlar ham shular jumlasidan.

Bundan tashqari, ijodkor yoshlarning san’at asarlari ko‘rgazmalari, Madaniyat saroyida tashkil qilingan harbiy orkestr jamoasi ijrosidagi konsert dasturlari tuman ahliga bayromana kayfiyat ulashdi. Viloyatning taniqli san’atkorlari ijrosidagi kuy-qo’shiqlar va harbiy chiqishlarni aholi vakillari, ayniqsa, yoshlar olqishlar bilan qabul qilishdi.

Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati

 

 

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting