Harbiy shifokorlar aholiga beminnat xizmat ko‘rsatmoqda

0
981

Ma’lumki O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi markaziy harbiy klinik gospitali va harbiy okruglarda mobil tibbiy otryadlari tashkil etilgan va ular aholiga bepul tibbiy xizmat borasida xalqimizga beg‘araz yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Mobil tibbiy otryadlari jarrohlik amaliyotidan tortib bemorlarga tezkor birinchi yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan texnika vositalari bilan ta’minlangan. Shuning uchun harbiy shifokorlar respublikamizning barcha hududlarida, har qanday sharoitda bunday xizmatni amalga oshirishlari mumkin. Ayni kunlarda markaziy harbiy klinik gospitali mobil tibbiy otryadi Toshkent viloyati Nurafshon shahri aholisiga o‘z xizmatini ko‘rsatmoqda.

Nurafshon shahridagi Obod turmush va qo‘shni mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiladigan hamyurtlarimiz ham bir kun davomida Markaziy harbiy klinik gospitali mobil tibbiy otryadi xizmatlaridan bahramand bo‘lishdi. Terapevt, kardiolog, lor, ginekolog, nevropotolog kabi o‘ndan ortiq mutaxassislar murojaat bilan kelganlarga tibbiy maslahatlar berish bilan birga umumiy qon tahlili laboratoriyasi va jarrohlik amaliyoti bo‘yicha o‘z xizmatlarini ko‘rsatishdi. Jag‘ osti o‘simtasi tahshisi qo‘yilgan Umida Nishanbayeva harbiy tibbiy jarrohlarning mahorati bilan darddan forig‘ bo‘ldi.

– Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda aholiga bu kabi tibbiy xizmat ko‘rsatish muntazam yo‘lga qo‘yilib, alohida dastur ishlab chiqqanmiz, – deydi Nurafshon shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Matluba Peltabayeva. – Dasturga muvofiq yil davomida viloyatimizning barcha hududlarida  fuqarolarimizga ana shunday bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan. Guvohi bo‘lganingizdek harbiy shifokorlar yoshu qariga birdek xizmat ko‘rsatyapti. Bugun 2-sektorga qarashli qabul punktimizga o‘nlab hamyurtlarimiz o‘z murojaatlari bilan kelishdi. Eng muhimi, harbiy shifokorlarimiz ularga kerakli maslahatlarni berishdi va qisqa vaqt ichida laborator tekshiruvlar hamda jarrohlik amaliyotini o‘tkazishdi.

Asror RO‘ZIBOYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting