Tibbiyot akademiyasida trening mashg‘uloti o‘tkazildi

0
1030

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy tibbiyot akademiyasi faoliyat boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. Shunga qaramay, akademiya ko‘plab davlatlar bilan aloqalar o‘rnatishga ulgurdi va bu borada qator yutuqlarga erishdi.

Yil davomida akademiyaga ko‘plab xorijiy mutaxassislar tashrif buyurib, o‘zlarining qator bilim va tajribalarini sohaning yosh mutaxassislari bilan bo‘lishib kelmoqda. Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Rossiya, Hindiston kabi o‘nlab davlatlar bilan tibbiy ta’lim sohasida hamkorlik aloqalarining o‘rnatilgani yutuqlar samaradorligini oshiryapti. Eng asosiysi, hamkorlik doiralarining kengayishi, yurtimizning dunyo davlatlari orasida harbiy tibbiyot sohasida o‘z o‘rniga ega bo‘lib borishiga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasida xorijlik tibbiyot mutaxassislari ishtirokida trening mashg‘uloti o‘tkazildi.

Harbiy shifokorlar o‘rtasida harbiy tibbiyot yo‘nalishidagi so‘nggi yangiliklar bilan o‘rtoqlashish, ilg‘or tajriba va fikr almashishga yog‘rilgan mazkur trening davomida yangi innovatsiya, “Apollon” odam qiyofasidagi manikenning ishlash funksiyalari, unda tibbiy diagnostika o‘tkazish bo‘yicha xorijiy mutaxassislar o‘zlarining qator tajribalarini o‘rtoqlashdi.

Aytish kerakki, tibbiyot akademiyasida milliy armiyamizga malakali tibbiy kadrlar tayyorlab berishga xizmat qiladigan o‘quv maskanining mashg‘ulot xonalariga o‘rnatilgan har bir zamonaviy asbob-uskunalar xorijiy mutaxassislarning e’tiborini tortmasdan qolmadi. Akademiyada tahsil olayotgan kursantlarning o‘quv jarayonlarini puxta o‘zlashtirishi uchun yaratilgan bunday shart-sharoitlar haqiqatan maqtovga loyiq.

Xorijlik mutaxassislar ishtirokida trening mashg‘ulotlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi harbiy tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish va uni xalqaro standartlar asosida qurishdan iboratdir.

Sherzod EGAMBERDIYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting