O‘zbekiston terma jamoasi motokross bo‘yicha xalqaro musobaqa sovrindori bo‘ldi

0
787

Joriy yilning 10—11-iyun kunlari Rossiya Federatsiyasining Krasnodar o‘lkasidagi Qora dengiz sohilida joylashgan mototrassada 15 ta davlat sportchilari o‘rtasida motokross bo‘yicha “Winline Hamdo‘stlik Kubogi – 2023” xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada Rossiya, Armaniston, Belorus, Janubiy Osetiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Mo‘g‘uliston, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Turkiya va Italiyaning eng yaxshi motokrosschilari 65 kub.sm, 85 kub.sm, 125 kub.sm (ayollar, yoshlar), “MX1”, “MX2” va “MX Open” sinflarida bellashdi.

Aytish mumkinki, ushbu nufuzli musobaqani ikki kun davomida butun dunyo bo‘ylab ekstremal sport muxlislari katta qiziqish va hayajon bilan kuzatdi.

Quvonarlisi, xalqaro kubok musobaqasida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti sportchilaridan iborat O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari — Emran Ablyazov – 125 kub.sm (“MX2”), Jasur Samatov – 250 kub.sm (“MX1”) va Konstantin Sichyov – “MX Open” sinflarida qatnashib, umumjamoa hisobida faxrli uchinchi o‘rinni egalladi.

Birinchi o‘rin Rossiya, ikkinchi o‘rin esa Qozog‘iston terma jamoalariga nasib etdi. G‘olib va sovrindorlar pul mukofoti, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
 “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting