Qo‘shinlarda axloqiy-ruhiy tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi

0
854

Qurolli Kuchlar akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida axloqiy-ruhiy tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalariga qaratilgan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Qurolli Kuchlar qo‘shinlarida axloqiy-ruhiy tayyorgarlik yo‘nalishida mavjud muammolarni bartaraf etish, bu borada o‘zaro tajriba almashish, hamkorlikdagi vazirlik va idoralar, qo‘shinlarda sohada erishilgan yutuqlarni hayotgan tadbiq qilish jangovar tayyorgarlik jarayonida axloqiy-ruhiy tayyorgarlikni samarali tashkillashtirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘tkazilgan mazkur tadbirda Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari vakillari, okrug qo‘shinlari qo‘mondonlarining o‘rinbosarlari, oliy harbiy ta’lim muassasalari boshliqlar va kursantlar ishtirok etdi.

Tadbirni ochib bergan mudofaa vazirining tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev o‘z so‘zida bugun dunyo va mintaqadagi vaziyat haqida gapirar ekan, har qanday tahdid va xatarlarga munosib zarba berishga tayyor milliy armiyamiz borligini, u mamlakatimizning, mustaqilligimizning ishonchli va mustahkam qalqoni ekanligini e’tirof etdi.

Biroq Qurolli Kuchlar qanchalik zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar bilan ta’minlangan bo‘lmasin, shaxsiy tarkibning axloqiy-ruhiy holat, qolaversa, inson omili har qanday holatda hamisha e’tibor markazida bo‘lishiga urg‘u berdi va harbiy xizmatchilarning jangovar salohiyatini yuksaltirishda milliy ruhning o‘rni, vatanparvarlik tarbiyasining ahamiyati xususida qimmatli fikrlar bildirdi.

Anjuman ishida jahon va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatning o‘zgarish tendensiyasi, axloqiy-ruhiy tayyorgarlik sohasida horijiy armiyalar tajribasi, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida axloqiy-ruhiy ta’minotni tashkillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va mavjud muammolar, jangovar tayyorgarlik jarayonida real vaziyatlarga yaqinlashtirilgan ruhiy ta’sir elementlarini kiritish tamoyili va uning xususiyatlari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tuzilmalarida shaxsiy tarkib bilan axloqiy-ruhiy tayyorgarlikni tashkillashtirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar o‘rganildi.

Shuningdek harbiy xizmatchilarning taktik mashg‘ulotlarda vaziyatli shaharchadagi ekstremal holatlardagi harakatlari ko‘rgazmali-amaliy mashg‘ulot jarayonida ko‘rsatib berildi. Mavzuga oid namoyish etilgan videoroliklar anjumanning yanada samarali bo‘lishini ta’minladi.

Mayor Gulnora Xojimurodova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti