Qashqadaryoda “Yoshlar saylgohi” ochildi

0
1115

Qarshi shahrida joylashgan “Alisher Navoiy” nomidagi istirohat bogʻida keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, “Yoshlar saylgohi” hududi tashkil etildi. Bogʻning qiyofasi tubdan oʻzgardi: istirohat bogʻidagi 500 metr ichki yoʻllar asfalt qilinib, 1 kilometrdan ortiq beton qoplamali piyodalar yoʻlakchasi qurildi, 115 ta quyosh panelli tungi yoritgichlar oʻrnatildi.

Shuningdek, 76 oʻringa moʻljallangan zamonaviy mehmonxona, 2 ta mini-futbol maydoni, 1 ta tennis korti, 1 ta barcha qulayliklarga ega zamonaviy kutubxona, 2 ta oʻquv markazi va yoshlar uchun “Oqshom kafesi”ning qurib, foydalanishga topshirilishi shahar aholisi uchun haqiqiy bayramga aylandi.

Ochilish marosimi davomida turli yutuqlarga erishgan viloyat yoshlari taqdirlandi. Bundan tashqari, 30 nafar chin yetim yoshlarga davlatimiz tomonidan uy-joylar kalitlari topshirildi.

Mazkur obyektlarning tantanali ochilish tadbirlarida viloyat hokimi Murotjon Azimov, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Zaynobiddin Iminov, Qarshi shahri hokimi Normoʻmin Xolboyev hamda bir guruh davlat va jamoat tashkiloti vakillari, nuroniylar, mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi.

Festivalga aylanib ketgan bayramona dasturlar davomida saylgoh boʻylab harbiy orkestr jamoasi tomonidan konsert dasturlari namoyish etildi, harbiy psixologlar esa stresslarni yechuvchi, jamoani jipslashtiruvchi psixologik treninglar oʻtkazildi, bepul yaxna ishimliklar tarqatilib, yoshlar oʻrtasida turli sport oʻyinlari tashkil etildi.

Ayniqsa, okrug qoʻshinlar qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari tomonidan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvining tashkil etilgani vatanparvarlik ruhidagi suhbatlar uchun eshik ochdi. Koʻp yillik harbiy hayot tajribasiga ega faxriy harbiylarning yurtni sevish, maqsad sari ishonch bilan intilish borasidagi fikrlari yigʻilganlar uchun foydali boʻlgani shubhasiz.

Soʻlim maskanda yuzlab yoshlarni qamrab olgan mazkur uchrashuv davomida ertamiz egalari harbiy xizmatga oid oʻzlarini qiziqtirgan savollarga ham javoblar olishdi.

Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting